Konstitutsiyamiz haqiqiy hayot qomusiga aylandi

    Inson hayotda baxtli yashash uchun intiladi, ezgu maqsadlar sari qadam tashlaydi. U huquq va erkinliklari kafolatlangan, adolat va qonun ustuvor jamiyatdagina bunga erisha oladi. Yangi O'zbekistonda istiqomat qilayotgan har bir fuqaroni hayotdan rozi qilish yo'lidagi islohotlardan ko'zlangan maqsad ham aslida shu. Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi farovon hayotning mustahkam poydevori bo'lib xizmat qilmoqda.

    Bu yil Asosiy Qonunimizning qabul qilinganiga 29 yil to'lmoqda. Konstitutsiyamiz har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularning huquq va erkinliklarini to'liq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmoqda. Xususan, so'nggi yillarda yurtimizda barcha sohalarda ulkan ishlar amalga oshirildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan inson qadri ulug'lanmoqda. Islohotlar ham aynan inson omiliga qaratilganligi ham buni yaqqol ko'rsatib turibdi.

    Mustaqilligimizning ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyamiz shaxs, jamiyat va davlat o'rtasidagi munosabatlarda o'zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi. Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini e'tirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.

    Uning o'ziga xos jihatlari haqida so'z borganda, unda insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish maqsad qilingani, inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari eng oliy qadriyat deya e'tirof etilgani, tenglik, adolat, mafkura hamda fikrlar xilmaxilligi, hokimiyatlar bo'linishi, fuqarolarni huquq va erkinliklaridan sud qarorisiz mahrum etib bo'lmasligi, aybsizlik prezumpsiyasi kabilar mustahkamlanganligini ta'kidlash zarur.

    Asosiy qonunimizda O'zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo'linishi prinsipiga asoslangan. Sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishi kabi muhim normaning mustahkamlab qo'yilishi, o'z navbatida sud hokimiyatining O'zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati tizimiga mansubligini hamda uning amalda mustaqil va erkin faoliyat ko'rsatishini kafolatladi.

    Ma'lumki, mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirish borasida jiddiy qadamlar tashlandi. Sud-huquq sohasidagi islohotlarning ustuvor yo'nalishlaridan biri — insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, avvalo, asossiz jinoiy ta'qib va shaxsiy hayotga aralashishdan himoyalanish, shaxsiy daxlsizlik huquqlari hamda adolatli sud muhokamasiga bo'lgan huquqlari samarali muhofaza etilishini ta'minlash hisoblanadi. Zero, har bir demokratik davlatda sud tizimi inson huquqlari himoyasiga qaratilgan mexanizmning asosini tashkil qiladi. 2021 yil 9 fevral kuni Konstitutsiyaning 107-moddasi birinchi qismi sud tizimi tuzilmasi qayta tahrir etildi.

    Sudlar bugungi kunda adolat qo'rg'oni sifatida qonun ustuvorligini ta'minlamoqda. Xususan, o'tgan davr mobaynida viloyatimizda 33 shaxsga nisbatan oqlov hukmlarining chiqarilgani ham aslida insonparvarlikning yorqin ifodasidir.

    Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlarga, shuningdek, bugungi kunga kelib xalqimiz erishgan ulkan yutuqlarga yana bir bor nazar tashlar ekanmiz, mazkur islohotlar va yutuqlarning fundamental asosi va huquqiy negizini Asosiy Qomusimiz tashkil etishini yana bir bor ko'rishimiz mumkin.

    O'tgan yillar davomida inson manfaatlarini muhofazalashga qaratilgan milliy qonunchilik tizimi yaratilgani va izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgani samarasi bugun yurtimizda yashayotgan har bir insonning munosib hayot kechirishida, aholi farovonligi va jamiyatimiz barqarorligi misolida kuzatish mumkin.

    Asosiy qonunimiz iqtisodiy sohada ham muayyan imkoniyatlarni yaratib bermoqda. Mamlakat iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishining Konstitutsiyada belgilab qo'yilishi hamda tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari yaratilganligi mulkdor bo'lish huquqini amalga oshirishga har tomonlama sharoit va qulayliklar yaratdi. Ayniqsa, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan teng muhofaza etilishi kafolatlanganligi jamiyatda tadbirkorlik muhitini qaror toptirishning muhim omili sifatida namoyon bo'lmoqda. Sudlar tomonidan investorlar va tadbirkorlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyat iqtisodiy sudlari tomonidan 2021 yilning 10 oyida 849 ta tadbirkorga oid ishlar ko'rilgan hamda 7 nafar investorlarning buzulgan huquqlari sud tomonidan ko'rilib, qanoatlantirilgan.

    Muxtasar aytganda, xalqimiz faravonligi va Vatanimiz ravnaqining huquqiy asosini tashkil etuvchi Asosiy qomusimiz yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, oila taqdirida, ularning bugungi hayoti, ertangi kelajagini ta'minlashda muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda.

    Shuhrat Kamolov,

    Farg'ona viloyat sudining raisi