Yig'ilishda dastlab O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha takliflarni olish, ularni ko'rib chiqish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. Ta'kidlanganidek, xalqimizning Konstitutsiyani takomillashtirishda faol ishtirok etishi uning xalqchilligini ta'minlaydi. SHu bois, fuqarolarga o'z takliflarini Konstitutsiyaviy komissiyaga zamonaviy vositalar, xususan «Meningkonstitutsiyam.uz» elektron platformasi, qisqa raqamli koll-markazi, pochta aloqasi, «Telegram» messenjeridagi maxsus bot orqali yuborish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, takliflarni mahallalar va Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga og'zaki yoki yozma shaklda ham bildirish mumkin. Kelib tushayotgan takliflar Konstitutsiyaviy komissiyaning takliflar bilan ishlash guruhi tomonidan ko'rib chiqilgan holda saralanib, Konstitutsiyaning boblari yo'nalishlari bo'yicha tasniflanmoqda.

Yig'ilishda Konstitutsiyaviy komissiyaning Yig'ma axborot-tahlil guruhi tomonidan o'rganib chiqilgan va Qonunchilik palatasiga kiritish uchun tavsiya etiladigan takliflar yuzasidan batafsil ma'lumot berildi.

Qayd etilganidek, o'tgan davrda barchaning o'rnatilgan mehnatga haq to'lashning eng kam miqdoridan kam bo'lmagan tarzda taqdirlanish huquqiga egaligi, mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori insonning o'zi va oilasining hayot kechirishi uchun etarli miqdorda bo'lishi, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, davlat ishsizlik va kambag'allikni tugatish uchun o'zining barcha imkoniyatlaridan foydalanishi lozimligi, iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo'l qo'yilmasligi, mamlakatda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta'minlashda davlatning majburiyatlarini belgilashga doir qator takliflar kelib tushgan.

Shuningdek, tashabbuskorlar tomonidan davlat iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qat'i nazar, ta'limni davom ettirishini kafolatlashi, har kim Internetga kirish va undan erkin foydalanish huquqiga ega bo'lishi, oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunda belgilangan doirada o'zini o'zi boshqarish, akademik erkinlik, tadqiqotlar o'tkazish va o'qitish erkinligi huquqiga ega bo'lishi kabi takliflar yuborilgan.

Konstitutsiyaviy komissiya a'zolari davlatning aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini ishga joylashtirish bo'yicha kafolat berishi, davlatning aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining hayot sifatini oshirishga qaratilgan choralarni ko'rish majburiyati, fuqarolarning tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini bepul olish huquqi, davlatning turli mulk shakllari asosida faoliyat ko'rsatadigan sog'liqni saqlashning barcha turlarini rivojlantirish bo'yicha zarur choralarni ko'rish majburiyati, hech bir shaxs o'z mulkidan sudning qarorisiz mahrum etilishi mumkin emasligi, korruptsiyaga qarshi kurash masalalari ustidan xalq vakillari nazoratini o'rnatish, hech bir inson rasmiy e'lon qilinmagan qonun asosida hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emasligi haqidagi takliflarga alohida e'tibor qaratdilar. Bu boradagi normalarning Konstitutsiyada aks ettirilishi adolatli, xalqchil davlat barpo etishga, odamlarni rozi qilishga, mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish hamda aholi farovonligini oshirishga oid ko'rsatkichlarimizni yanada yaxshilashga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Shu bilan birga, Yig'ma axborot-tahlil guruhi tomonidan ko'rib chiqilishi rejalashtirilayotgan yangi takliflar bo'yicha axborot berildi.

Qayd etilishicha, aholidan insonning asosiy huquq va erkinliklari ajralmas va daxlsiz bo'lib, har kimga tug'ilganidan tegishli ekanligini konstitutsiyaviy mustahkamlash, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o'zining aybsizligini isbotlashga majbur emasligini belgilash, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ta'lim oluvchilarning bilimlarini to'g'ri va xolis baholashga ta'sir ko'rsatishga, shuningdek, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to'sqinlik qilishga yo'l qo'yilmasligini Bosh qomusda aks ettirish kabi yana ko'plab takliflar kelib tushgan.

Ushbu takliflar Yig'ma axborot-tahlil guruhi tomonidan ko'rib chiqilib, Konstitutsiyaviy komissiyaga o'rnatilgan tartibda kiritiladi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala – Konstitutsiyaviy islohotlarni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish bo'yicha ishlab chiqilgan Media-rejaning ijrosi yuzasidan ham axborot berildi.

Ta'kidlanishicha, aholini, fuqarolik jamiyati institutlarini Konstitutsiyaviy islohotlarning hozirgi bosqichi yuzasidan o'z vaqtida va batafsil xabardor qilish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Bu borada mamlakatimizning etakchi OAV bilan yaqindan hamkorlik o'rnatilgan.

Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilgan kundan bu kungacha davlat va nodavlat telekanallarda jami 294 ta lavhalar, informatsion va maxsus ko'rsatuvlar efirga uzatilgan bo'lib, davlat va nodavlat radiokanallarda 164 ta informatsion va maxsus eshittirishlar tashkil qilingan. SHuningdek, markaziy va hududiy bosma nashrlarda 40 dan ortiq maqolalar chop etilgan.

Yig'ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Shu bilan birga, OAV vakillari ishtirokida Konstitutsiyaviy komissiya yig'ilishi yakunlariga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi. Unda komissiya a'zolari jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berdi.

 Konstitutsiyaviy komissiya

matbuot xizmati