Konstitusiyani bugungi real voqelikka moslashtirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun yanada mustahqam huquqiy poydevor yaratish bugun keng jamoatchilik e’tiboridagi dolzarb masala sifatida qaralmoqda. Bu boradagi islohotlarning davr talabi ekanligini Konstitusiyaviy islohotlarga nisabatan xalqimizning munosabati, faolligi hamda takliflaridan ham ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirishga qaratilgan, oilada farzand tug‘ilganidan boshlab, kamolot yoshiga yetgunga qadar uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilmoqda.
Kuni kecha davlatimiz rahbari “Yoshlar kuni”ga bag‘ishlangan bayram tadbiridagi tabrik nutqida yoshlar uchun yaratilajak qo‘shimcha imkoniyatlar xususida to‘xtalib, talaba-yoshlar uchun davlat grantlari sonining 2 barobarga ortishi, yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasb-hunar, xorijiy tillarni, axborot texnologiyalarini o‘rganishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish bilan bog‘liq imtiyozlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Shu bois ham, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonlarida ta’lim-tarbiya masalalariga alohida ustuvorlik berilayotgani barchamiz uchun quvonarlidir.
I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti (MTU)ning Toshkent shahridagi filiali jamoasi ham olib borilayotgan bu kabi islohotlarga ijobiy yondashgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan o‘z takliflarini berdilar. Shu bilan birga, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy qonuni loyihasi yuzasidan Filial hamda Fililal huzuridagi akademik lisey jamoasi, talaba-yoshlari o‘rtasida muhokamalar tashkil etildi.
Xususan, Konstitusiyamizga kiritilayotgan muhim o‘zgarishlardan biri bu “Inson qadri uchun” tamoyilini amalga oshirish maqsadida aholining ijtimoiy kafolati mexanizmlarini takomillashtirish, inklyuziv yondashuv masalalariga alohida e’tibor qaratish bilan bog‘liqdir.
Jahon tajribasida, xususan Angliya, Germaniya, Fransiya, Shvesiya kabi Yevropa davlatlarida uzluksiz ta’limning barcha bo‘g‘inlarida inklyuziv yondashuvni ta’minlash, imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari qonunchilik darajasida kafolatlanganligini kuzatish mumkin.
Konstitusiyamizning 39, 41-moddalariga kiritilayotgan to‘ldirish va qo‘shimchalarda mazkur masalalarga alohida e’tibor qaratilganligi muhim ijtimoiy qiymatga ega.
Barchamizga ma’lumki, oliy ta’lim tizimidagi transformasion o‘zgarishlardan kelib chiqqan holda, respublikamizdagi 36 ta oliy ta’lim muassasalariga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi. Bosh qomusimizga kiritilayotgan to‘ldirishlarda aynan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunda belgilangan doirada o‘zini o‘zi boshqarish, akademik erkinlik, shuningdek tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga egaligi, shuningdek davlat ilm-fanni rivojlantirishga, jahon ilmiy hamjamiyati bilan ilmiy aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashishi bilan bog‘liq jihatlarning nazarda tutilayotganligi oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Konstitusiyada iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, davlatning yoshlarni ma’naviy va axloqiy jihatdan tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi (42, 65-moddalar) hamda yoshlarni sifatli oliy ta’lim olishi, o‘z iqtidorini namoyon etishi bilan bog‘liq konstitusiyaviy kafolatlarning belgilanishi ham yangilanayotgan Konstitusiyaning yoshlar manfaatlari uchun xizmat qilishini anglatadi. Mazkur o‘zgartirishlar orqali ta’lim tizimidagi innovasion indeksning ortishi hamda yoshlarning sifatli ta’lim olishi, malakali mutaxassislar sifatida yetishib, o‘z potensialini erkin namoyon qilish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.
Ushbu jarayonlarda faol bo‘lish, millat taqdiri va kelajagi uchun befarq bo‘lmagan har bir yurtdoshimizning, har birimizning fuqarolik burchimizdir!
Abdulla MAGRUPOV,
I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti
(MTU)ning Toshkent shahridagi filiali ijrochi direktori