Konstitutsiyaviy qonun loyihasida nazarda tutilgan o'zgartish va qo'shimchalar muhokama qilindi

    “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Samarqandda viloyat, tuman va shaharlarning tashkilot va idoralari rahbarlari, viloyat faollari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag'ishlangan tadbir tashkil etildi.

    Samarqand viloyati hokimining birinchi o'rinbosari Jamshid O'raqov moderatorlik qilgan tadbirda dastlab “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov tomonidan ishtirokchilarga “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasida ma'lumot berib o'tildi.

    Bosh qomusimizga kiritilishi taklif etilayotgan o'zgartish va qo'shimchalar eng avvalo, milliy qonunchiligimiz, qadriyatlarimiz, o'zbek davlatchiligining tarixiy tajribasi hamda ilg'or xorijiy tajribani o'rgangan holda amalga oshirilmoqda, — dedi E.Tulyakov. — Natijada, Konstitutsiyaviy tuzatishlar, birinchi navbatda, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo'lgan fuqarolarning muayyan shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini kafolatli tarzda ta'minlash, himoya qilishga qaratilgan to'g'ridan-to'g'ri ishlaydigan normalarga aylanmoqda.

    Buni quyidagi taklif etilayotgan bir qator normalar misolida ham ko'rib mumkin. Jumladan, fuqarolarning mehnat, ijtimoiy va ekologik huquqlari, shu jumladan aholining ehtiyojmand qatlamlari huquqlarini konstitutsiyaviy jihatdan kafolatlashni kuchaytirishga alohida e'tibor berilmoqda. Shuningdek, fuqarolarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanishi, sifatli ta'lim olishi, ilm-fan bilan shug'ullanishi, iqtisodiy huquqlarini, xususiy mulkchilik, iqtisodiy faoliyatning erkinligini himoya qilish hamda inson va fuqaroning shaxsiy huquqlari hamda erkinliklarini kafolatlash kabi bir qator normalar misolida ham ko'rish mumkin.

    Shu bilan birga, tadbir davomida viloyat faollarining hamda ishtirokchilarning Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan bildirgan takliflari tinglandi. Tadbir yakunida bu kabi har bir shaxs, jamiyat va davlatning ertangi taraqqiyotini belgilab beruvchi Bosh qomusimizga kiritilayotgan o'zgartishlar bo'yicha barcha darajadagi tashkilotlar, idoralar hamda mahallalar kesimida fuqarolar o'rtasida targ'ibot va tashviqot tadbirlarini o'tkazishga kelishib olindi.

    “Taraqqiyot strategiyasi” markazi

    Axborot xizmati