2020-yil noyabr oyidan boshlab mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat biroz boʻlsada barqarorlashganligi munosabati bilan bosqichma-bosqich joriy etilgan karantin cheklovlar bekor qilinib, ijtimoiy va iqtisodiy sohalar faoliyati tiklandi.
Soʻnggi kunlarda kelib tushgan koʻplab madaniyat sohasi vakillarining murojaatlarini inobatga olgan holda, shuningdek, xalqimizni madaniy hordiq chiqarishlari uchun qulay sharoit yaratish maqsadida konsert-tomosha tadbirlarini joriy yilning
28-yanvaridan boshlab sanitariya-epidemiologik talablarga qatʼiy rioya etgan holda tashkil etishga ruxsat berildi.
Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan konsert va tomosha tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha quyidagi talablar belgilandi:
- konsert saroylarining tomoshabin sigʻimini inobatga olgan holda tomoshabinlar sonini 50 foizdan oshirmagan holda tashkil etish;
- konsert saroylarining tomoshabin oʻrindiqlaridan oraliq masofani saqlagan holda foydalanilishini taʼminlash va bu borada oraliq masofani saqlash uchun talab etiladigan oʻrindiqlarni konservatsiya qilish;
- konsert saroylariga tashrif buyuruvchi tomoshabin hamda xizmat koʻrsatuvchi xodimlar qatʼiy niqobda (maskada) boʻlish.
Shuningdek, ushbu qaror bilan Respublika maxsus komissiyasining umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obyektlar tomonidan soat 8:00 dan 23:00 gacha boʻlgan davrida faoliyat yuritishi bilan bogʻliq boʻlgan cheklovlar bekor qilinib, Vazirlar Mahkamasining “Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obyektlarda jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 24-iyuldagi 624-son qarori talablari doirasida faoliyatni tashkil etilishiga ruxsat berildi, deb xabar beradi, Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.