Oʻtgan yili Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan Navoiy viloyati hokimligi tashabbusi va homiyligida tashkil etilgan “101 vatandosh izidan” ekspeditsiyasining Germaniya-Niderlandiya-Polsha-Rossiya Federatsiyasi boʻylab ilmiy izlanishlari haqida maʼlumot berib borilgan edi.
Quvonarlisi, izlanish davomida urush davridagi oʻzbek askarlari, bedarak ketgan harbiylar va harbiy asirlariga oid hali Oʻzbekiston jamoatchiligiga aniq boʻlmagan qimmatli maʼlumotlar ochiqlandi.
Niderlandiyaning Amersfort shahridagi Russxof qabristonida dafn etilgan 101 oʻzbek askarlari qabriga Oʻzbekistondan ilk rasmiy delegatsiya safari tashkil etildi. Ushbu qabristonda dafn etilgan nurotalik askar Saidqul Qahhorov hovlisidan tuproq olib borildi. Tadqiqotchi olim Remko Reydingga Amersfort xalqi timsolida ajdodlarimiz xotirasiga hurmati uchun minnatdorlik maktubi yetkazildi.
Toshkent shahridagi Gʻalaba bogʻida barpo etilgan 101 oʻzbek askari xotirasiga oʻrnatilgan xotira maydoni uchun Amersfort qabristonidan tuproq olib kelindi. Ilk bora Polsha Milliy xotira muzeyi va Navoiy viloyat hokimligi oʻrtasidagi hamkorlik shartnomasiga asosan 22 nafar oʻzbek mahbuslari taqdiriga oid arxiv maʼlumotlari ochiqlandi, oʻzbek asirlari shaxsi aniqlandi. Hozirda 94 nafar oʻzbek harbiy asirlari taqdiriga oid maʼlumotlar oʻrganilmoqda.
Loyihaning ikkinchi bosqichi esa tarixiy hujjatlarni oʻrganish va oʻzbek harbiy va asirlari qarindoshlarini izlash, Amersfort konslagerida vafot etgan 101 oʻzbek askarlari shaxsini aniqlash, shuningdek Polshadagi Milliy Xotira instituti, Ausshvis xalqaro muzeyi taqdim etgan maʼlumot asosida oʻzimizda chop etilgan Xotira kitobidagi “bedarak yoʻqolgan” degan mavhum iboralarga aniqlik kiritish, oʻzbek xalqining ikkinchi jahon urushiga oid tarixini boyitishdan iboratdir.
Shu maqsadda, Navoiy viloyat hokimi maslahatchisi, ekspeditsiya rahbari Nazirjon Joʻrayev Polshaning Oʻzbekistondagi elchisi janob Yaroslav Grukning bilan muloqot oʻtkazdi.
Yaqin kunlarda Polsha elchisi Yaroslav Grukning Navoiy viloyatiga tashrifi kutilmoqda.