Konya shahrida (Turkiya) bo‘lib o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar hamda ularning trenerlarini bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish to‘g‘risida

    Hujjatlar 18 Avgust 2022 3209

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    2022 yil 9-18 avgust kunlari Konya shahrida (Turkiya) bo‘lib o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlarida erishgan yutuqlari bilan Vatanimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori va nufuzini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar hamda ularni tayyorlagan trenerlarni rag‘batlantirish, yoshlarni professional sportga keng jalb qilishni davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

    1. Belgilab qo‘yilsinki:

    a) V Islom birdamligi o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilari:

    oltin medal uchun – 5 000 AQSH dollari;

    kumush medal uchun – 3 000 AQSH dollari;

    bronza medal uchun – 2 000 AQSH dollari;

    b) V Islom birdamligi o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilarini tayyorlagan trenerlar:

    oltin medal uchun – 2 500 AQSH dollari;

    kumush medal uchun – 1 500 AQSH dollari;

    bronza medal uchun – 1 000 AQSH dollari miqdorida har bir medal uchun bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.

    Mazkur bandda nazarda tutilgan xarajatlar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

    2. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov), O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi (Sh.Tashmatov, O.Qosimov), O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi (M.Tashxodjayev), tegishli sport federatsiya (assotsiatsiya)lari:

    V Islom birdamligi o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilari hamda ularni tayyorlagan trenerlar ro‘yxatini tasdiqlasin;

    O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) bilan birgalikda bir martalik pul mukofotlari tantanali ravishda topshirilishi hamda ushbu jarayon ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini ta’minlasin.

    3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2022 yil 18 avgust