Koʻp kvartirali uylarda zilzilabardoshlikka taʼsir qiladigan konstruksiyalar aniqlanadi

    Urbanizatsiya 18 May 2023 1190

    “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga kiritib borish majburiy hisoblanadi va maʼlumotlarning jamoatchilik uchun ochiqligi taʼminlanadi.

    Qarorga koʻra, 2023-yil 1-sentyabrdan:

    • seysmik faol zonada joylashgan seysmik xavfsizligi III-IV toifaga kiruvchi koʻp kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yoʻlaklari, cherdak va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) oʻzboshimchalik bilan qurilgan konstruksiyalar;
    • koʻp kvartirali uylarning, shu jumladan ularning yertoʻla va birinchi qavatidagi zilzilabardoshlikka taʼsir qiluvchi konstruksiyalarga oʻzboshimchalik bilan kiritilgan oʻzgartirishlar aniqlanadi.

    Aniqlangan noqonuniy holatlar boʻyicha qonunchilikka muvofiq choralar koʻriladi.

    Seysmik xavfsizligi II–IV toifadagi qurilayotgan yoki mavjud obyektlarning konstruksiyasini oʻzgartirish (qavatlar sonini oʻzgartirish, yonma-yon qurish, ustiga qavat qurish) boʻyicha qurilish ishlarini boshlashga faqat loyihaning oʻzgartirilgan shaharsozlik hujjatlari qayta ekspertizadan oʻtkazilib, ijobiy xulosa olingandan soʻng ruxsat etiladi.

    2023-yil 1-iyundan:

    • seysmik xavfsizligi IV toifadagi bino va inshootlar boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish Loyiha-qidiruv tashkilotlari elektron reytingida “S” va undan yuqori toifaga ega tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi;
    • seysmik xavfsizligi III–IV toifadagi bino va inshootlar boʻyicha qurilish ishlari Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida “SSS” va undan yuqori toifaga (shu jumladan “A” va “B” turdagi barcha toifalarga) ega boʻlgan qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan bajariladi.

    2023-yil 1-oktyabrdan seysmik xavfsizligi II–IV toifadagi bino va inshootlar boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va nazorat funksiyalarini amalga oshirish yoʻnalishlaridagi faoliyat yurituvchi mutaxassislarni sertifikatlash tartibi joriy etiladi.

    2024-yil 1-yanvardan obyektlarda davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati tadbirlarini tegishli yoʻnalishlar boʻyicha maxsus bilim va sertifikatga ega mutaxassislar tomonidan amalga oshirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

    Qarorga koʻra, quyidagilarni “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga kiritib borish majburiy hisoblanadi va maʼlumotlarning jamoatchilik uchun ochiqligi taʼminlanadi:

    • qurilish obyektlari ustidan davlat nazorati;
    • buyurtmachining texnik nazorati;
    • ishlab chiquvchining mualliflik nazorati;
    • pudratchining ichki nazorati tadbirlari;
    • ularda aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlar;
    • ularni bartaraf etish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.