Qarorga ko‘ra, respublikadagi chegaralari belgilanmagan ko‘p kvartirali uylarning tutash yer uchastkalari chegaralari belgilanib, “YERELEKTRON” axborot tizimiga kiritiladi.
2024-yil 1-yanvardan:
- ko‘p kvartirali uylardagi ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar notariuslar tomonidan mulkdorning majburiy badallar yoki to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud emasligi tekshirilgandan keyin tasdiqlanadi;
- majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdori Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan belgilanadi;
- agrotexnik ishlov berishdan hosil bo‘ladigan (daraxt va buta shox-shabbalari, barglari) va ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni tozalashdan hosil bo‘lgan chiqindilarni maishiy chiqindilarni to‘plash punktlarida yoki chiqindilarni olib chiqib ketish operatorlari bilan kelishilgan maxsus joylarda yig‘ishga ruxsat etiladi.
Shirkatlar va boshqaruvchi tashkilotlarning hududiy elektr tarmoqlari korxonalari oldidagi qarzdorligi va ular uchun hisoblangan jarimalarning to‘lov muddati 2024 yil 1 oktyabrgacha kechiktiriladi.
Qaror bilan shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga quyidagi qo‘shimcha vakolatlar beriladi:
- ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari va joylar mulkdorlari tomonidan issiqlik ta’minotidan foydalanishda normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
- ko‘p kvartirali uylardagi umumiy mol-mulk va ularga tutash yer uchastkalarida amalga oshirilgan ta’mirlash-tiklash ishlarining qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish.