— Bir narsani toʻgʻri tushunish kerak, agar insonning yashash sharoiti yaxshi boʻlmasa, oilasida tinchlik, ishida unumdorlik boʻlmaydi, norozilik kayfiyati kuchayadi, - dedi davlatimiz rahbari.
Soʻnggi 3 yilda koʻp kvartirali uy-joylar soni 2 baravarga oshdi. Bu koʻp qavatli uy-joylarga xizmat koʻrsatishning dolzarbligini orttirmoqda. Oʻtkazilgan soʻrovlarda 35 foiz aholi koʻp qavatli uy-joylarga koʻrsatilayotgan xizmatlardan norozi, 65 foiz aholi shirkatlar ishini amalda sezmayapti.
Endilikda, koʻp kvartirali uylarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish maqsadida boshqaruv-servis kompaniyalari jalb etiladi. Bu borada Yunusobod tumani va Chirchiq shahrida “Namunaviy tajriba” yaratilib, barcha hokimlarning tegishli oʻrinbosarlari yangi tizimda ishlashga oʻqitiladi.