Tadbir davomida yangi tizimning funksional imkoniyatlari, aholi va qurilish sohasi uchun yaratilayotgan qulayliklar hamda raqamlashtirishning amaliy afzalliklari haqida ma’lumot berildi.

Dastlab so‘zga chiqqan Davlat kadastrlari palatasi raisi Mohir Valiyev amalda ko‘p kvartirali uylarni foydalanishga qabul qilish jarayonida bir qator muammolar kuzatilganini ta’kidladi.

— Ko‘p kvartirali uylarni hisobga olishda kvartiralar, noturar joylar va umumiy mulk obyektlari turlicha tartibda yuritilgan, — dedi Mohir Valiyev. — Ayrim hollarda umumiy mulk obyektlari bo‘yicha ma’lumotlar to‘liq shakllantirilmagan. Yangi tizim esa ushbu kamchiliklarni bartaraf etish imkonini beradi.

Uning ta’kidlashicha, yangi tizim orqali ko‘p kvartirali uyning barcha bloklari, turar va noturar joylari, umumiy mulk obyektlari hamda ularning maydonlari yagona elektron reyestrda aks ettiriladi.

Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, 2026 yil 1 iyundan boshlab ko‘p kvartirali uylarni foydalanishga qabul qilish, kadastr pasportlarini rasmiylashtirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari UZKAD axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Yangi tartibga muvofiq, qurilish ishlari yakunlangach arizalar my.gov.uz portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinib, avtomatik ravishda UZKAD tizimiga yuboriladi.

Shuningdek, tasdiqlangan loyihadan chetga chiqilgan holatlar, qo‘shimcha qavatlar yoki kvartiralar qurilishi, umumiy mulk obyektlarining ko‘rsatilmasligi yoxud yer uchastkasi chegarasidan tashqarida qurilmalar mavjud bo‘lgan taqdirda ariza rad etiladi.

Ariza qabul qilingach, tizim orqali yer maydoni, kvartiralar, noturar joylar va umumiy foydalanish maydonlarining raqamli inventarizatsiyasi amalga oshiriladi. Binolarning elektron chizmalari shakllantirilib, barcha ma’lumotlar yagona reyestrga kiritiladi.

Davlat kadastrlari palatasi boshqarma boshlig‘i Ahad Nasriddinovning ta’kidlashicha, mazkur tizimning asosiy maqsadi ko‘p kvartirali uylarga oid barcha ma’lumotlarni yagona bazaga birlashtirishdan iborat.

— Eng muhimi, axborot tizimi orqali ko‘p kvartirali uylarni hisobga olish, foydalanishga qabul qilish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi.

Ko‘p kvartirali uylar, kvartiralar, noturar joylar, umumiy mulk obyektlari va avtoturargohlar yagona markazlashgan bazaga jamlanadi. Natijada jarayonlar avtomatlashadi, inson omili kamayadi, shaffoflik va tezkorlik oshadi, — dedi Ahad Nasriddinov.

Uning qayd etishicha, mazkur tizim fuqarolarning mulkiy huquqlarini himoya qilish, qurilish sohasida ochiqlik va qonuniylikni ta’minlash hamda ortiqcha qog‘ozbozlikka barham berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mutaxassislar fikricha, yangi tartibning asosiy farqi shundaki, avval kvartiralar, noturar joylar va umumiy mulk obyektlari alohida hisobga olingan bo‘lsa, endi ularning barchasi “Ko‘p kvartirali uy” sifatida yagona reyestrda qayd etiladi. Bu esa ma’lumotlarning aniqligi va tizimliligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Zulxumor Akbarova