Koʻp kvartirali uyning yertoʻlasidan foydalanish tartibi belgilandi

    Urbanizatsiya 18 Oktabr 2021 2031

    Hukumat qarori (648-son, 15.10.2021-y.) bilan Koʻp kvartirali uyning yertoʻlasidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga koʻra, yertoʻladan foydalanish koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining roziligiga asosan amalga oshiriladi.

    Yertoʻladan joylar faqat yertoʻlada shugʻullanilishi mumkin boʻlgan quyidagi faoliyat turlarini amalga oshirish uchun beriladi:

    • oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan savdo qilish (doʻkonlar, kioskalar, doʻkonchalar va boshqalar);
      ● maishiy xizmat koʻrsatish (sartaroshxona, poyabzal tikish va taʼmirlash, optika, soat sozlash ustaxonalari, tikuvchilik va kashtachilik, atelye);
      ● umumiy ovqatlanish (restoranlar, kafe, kafeteriylar, muzqaymoq va chanqovbosdi ichimliklar barlari, gazakxonalar);
      ● bank xizmatlari koʻrsatish (banklarning boʻlimlari va valyuta almashtirish punktlari);
      ● aloqa xizmatlari koʻrsatish (pochta boʻlimi) va kuryerlik faoliyati;
      ● gazetalar, jurnallar va kitob mahsulotlari bilan savdo qilish;
      ● bijuteriya va jevaklarni tayyorlar va taʼmirlash;
      ● gulchambarlar, sunʼiy gullar va gul marjonlarini tayyorlash;
      ● rassomlik va haykaltaroshlik;
      ● xizmat koʻrsatish va tadbirkorlarning ofislari hamda idoralari;
      ● video va fotosuratga olish, kompyuter xizmatlari;
      ● tarjima va tahrir xizmatlari;
      ● dizayn, chizmachilik-grafika xizmatlari;
      ● kiyim-kechak va idishlarni ijaraga berish xizmati;
      ● rieltorlik faoliyati;
      ● gazlamalarga naqshlar solish, trafaretli bosma va qoʻlda rasm chizish xizmatlari;
      ● jismoniy tarbiya va sport muassasalari faoliyati;
      ● davlat tashkilotlarini joylashtirish;
      ● sugʻurta tashkilotlarini joylashtirish.

    Mazkur faoliyat turlarini yongʻinga qarshi va texnik shartlarning minimal talablari asosida tashkil etishga ruxsat beriladi.

    Yertoʻladan foydalanganlik uchun toʻlanadigan ijara toʻlovlarining eng kam miqdorlari tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.

    Ijara toʻlovlari ushbu koʻp kvartirali uyning umumiy mol-mulkini saqlash xarajatlariga yoʻnaltiriladi.

    Yertoʻladan foydalanuvchi tomonidan uni boshqa shaxslarga sotish, hadya etish, garovga qoʻyish va ijaraga berishga yoʻl qoʻyilmaydi.