Bu yerda umumiy qiymati 250 million soʻm boʻlgan loyiha amalga oshirilib 15 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Korxonada 30 turdan ortiq foydali va vitaminlarga boy mikrokoʻkatlar yetishtirilmoqda.
Mikroorganik oʻsimliklar asosan biogumusga ekilib 6-20 kun oraligʻida isteʼmolga tayyor boʻladi. Buning uchun maxsus mikroklimat tashkil qilingan. Biogumus organik oʻgʻiti ham tadbirkor tomonidan ishlab chiqariladi. Bu mahsulot hajmini koʻpaytirish, tan narxi va sifatini oshirish imkoniyatini bermoqda.
–Yangi loyiha uchun 100 million soʻm imtiyozli kerdit mablagʻlari ajratib berildi,–deydi mahalla fuqarolar yigʻini hokim yordamchisi Arofat Maqsudova.– Natijada “Ayollar daftari”ga kirgan 8 nafar xotin-qizlar bandligi taʼminlandi. Ayni kunda yana 10 ta koʻpqavatli uy yertoʻlasida kooperatsiya asosida organik oʻsimlik yetishtirishni kengaytirish, qoʻshimcha gul va qoʻziqorin yetishtirish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Tayyor mahsulotlarning asosiy qismi mahalliy kafe, restoran, supermarketlar, umumiy ovqatlanish shaxobchalariga yetkazib berilyapti.
Rasuljon Kamolov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.