Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari hamda OAV vakillari qatnashdi.

Seminarni o‘tkazishdan maqsad ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatish sohasida davlat va jamiyat hamda yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini uyg‘unlashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalar, milliy-me'moriy yechimlarni ommalashtirishdan iborat.

Tadbirda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda ko‘p xonadonli uy-joy fondining texnik holatini tubdan yaxshilash, undan tegishli ravishda foydalanish, ta’mirlash-tiklash ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda ko‘p xonadonli uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda.

O‘z navbatida, sohada erishilgan yutuqlar bilan birga yechimini kutayotgan muammolar ham bor. Xususan, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va ularga yangicha boshqaruv tizimini tatbiq etish maqsadida Rossiya, Germaniya, Xitoy, Koreya, Gruziya, Ukraina, Belarus, Tatariston, Qozog‘iston va boshqa bir qator xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribalari o‘rganildi.

Shundan kelib chiqib, mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari va qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan hududlarda Ko‘p kvartirali turar joy fondini ta’mirlash jamg‘armalari tashkil etildi. Mazkur jamg‘armalarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan mahalliy byudjet mablag‘lari va qonun bilan ta'qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qaytarish sharti bilan foizsiz ssuda mablag‘i ajratilmoqda. Bu esa, og‘ir ahvoldagi shirkatlarning o‘z faoliyatini tiklashda muhim omil bo‘lmoqda.

Seminarda deputatlar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hamda Germaniya Federativ Respublikasining «DENA» energetika agentligi bilan hamkorlikda ko‘p kvartirali uylarda energiya tejamkorlik va energiya yo‘qotishlarini kamaytirishga qaratilgan loyihalarning amalga oshirilayotganini e'tirof etdilar.

Tadbirda ko‘p qavatli uy-joylarga kommunal xizmat ko‘rsatishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Taklif va tavsiyalarga boy bo‘lgan tadbirda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi va tegishli qaror qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.