Mazkur shaharni aholi uchun barcha zarur shart-sharoitlarga ega maskanga aylantirish, shu namuna asosida viloyatning boshqa tuman va shaharlarini rivojlantirish boʼyicha viloyat hokimi boshchiligida keng koʼlamli harakatlar davom etmoqda.

Bugun viloyat rahbari bir guruh masʼullar hamrohligida Chirchiq shahridagi "Iftixor" MFYda amalga oshirilayotgan qurilish ishlarini yana bir bor borib koʼrdi.

Аyni kunlarda hududdagi madaniyat saroyini qayta taʼmirlash, shuningdek, mahalla, bogʼcha, maktablarda obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari avj pallada.

Davron Hidoyatov shahardagi 5-MTT, 7-umumtaʼlim maktabi hamda Xaydar Maqsudov mahallasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari sifatiga eʼtibor qaratdi.

Oʼrganishlar davomida qurilish borasida ayrim kamchiliklar borligi tanqid qilindi.

Qish mavsumi oldidan koʼmir, elektr energiyasi, tabiiy gaz taʼminoti boʼyicha zaruriy choralar koʼrish topshirigʼi berildi.

Shuningdek, viloyat hokimi shahardagi koʼp qavatli uylarning texnik holatini yaxshilash boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishdi. Shahar hududidagi temir yoʼli atrofidagi boʼsh yerlardan unumli foydalanish yuzasidan shahar hokimiga aniq koʼrsatma va topshiriqlar berildi.