Koʻp qavatli uylardagi oʻzboshimchalikka chek qoʻyildi

    Chilonzor tumanida fuqaro tomonidan uyning 1-qavatidan yertoʻlaga teshik ochilib, zina qurilgani aniqlangan.

    Toshkent shahrida koʻp qavatli uylar konstruksiyasiga oʻzboshimchalik bilan aralashish holatlariga qarshi qatʼiy choralar koʻrilmoqda.

    Xususan, Chilonzor tumanida fuqaro tomonidan uyning 1-qavatidan yertoʻlaga teshik ochilib, zina qurilgani aniqlangan. Uchtepa tumanida esa nazorat tadbirlari davomida koʻp qavatli uyning belgilanmagan qismida asosiy beton konstruksiyalar ikki nuqtadan buzilib, eshik va yoʻl yasalgani maʼlum boʻldi.

    Ikki holat boʻyicha ham javobgar shaxslarga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 159-moddasi asosida BHMning 50 baravari miqdorida jarima belgilandi. Shuningdek, 15 kun muddatda binoni avvalgi holatiga keltirish toʻgʻrisida yozma koʻrsatmalar berildi.

    Mutasaddilar taʼkidlashicha, bunday oʻzboshimchalik nafaqat binolarning seysmik barqarorligiga, balki aholi xavfsizligiga ham jiddiy tahdid soladi.

    Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining respublika ishchi guruhi tomonidan nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.