Koʻp qavatli uyning tomini oʻzlashtirgan shaxs jazolandi

    Toshkent viloyatida koʻp qavatli uyning tom qismi mulkdor tomonidan oʻzboshimchalik bilan xonadonga aylantirilgani aniqlandi.

    Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, Toshkent viloyati hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan Angren shahri “Yangiobod” qoʻrgʻoni hududida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida koʻp qavatli uylarning birida uy-joydan foydalanish tartiblariga zid boʻlgan holat aniqlandi.

    Jumladan, koʻp qavatli uyning shift qismi buzib tashlanib, yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarga shikast yetkazilgan holda zina oʻrnatilgani, ushbu zina orqali tom (cherdak) qismiga oʻzboshimchalik bilan chiqish yoʻli tashkil etilgani, shuningdek, tom qismi xonalarga boʻlinib, yashash uchun moʻljallangan xonadonga aylantirish ishlari jadal surʼatlarda amalga oshirilayotgani maʼlum boʻldi.

    Ushbu holat yuzasidan huquqbuzar shaxsga nisbatan inspeksiya xodimlari tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 159-moddasiga muvofiq, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima jazosi qoʻllanildi.