Konstruktiv muloqot chogʻida tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishning bugungi holatini muhokama qildilar, shuningdek, uni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Ikki Davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari tufayli Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganligi va hozirgi vaqtda ham pandemiya hamda joriy etilgan karantin cheklovlari oqibatida yuzaga kelgan jahon iqtisodiyotining pasayishiga qaramay, jadal rivojlanayotganligi qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, oliy darajadagi ikki tomonlama tadbirlarga, xususan, Strategik hamkorlik Kengashining joriy yildagi 2-yigʻilishini Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama qilindi.
Iqtisodiy sheriklikni oshirish masalalari koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, joriy yilning yanvar oyidan may oyiga qadar Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 83 foizlik oʻsish bilan 1,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Yaqin kelajakda oʻzaro savdo hajmini yiliga 5 milliard dollarga yetkazish uchun barcha zarur choralarni koʻrish boʻyicha oʻzaro niyatlar ovoza qilindi.
Shu nuqtayi nazardan ikki mamlakat oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish masalalari muhokama qilindi. Mavjud masalalar boʻyicha yakuniy kelishuvlarga erishish va yaqin kelajakda ikki tomonlama muzokaralarning navbatdagi raundini oʻtkazish maqsadida ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik yana-da jadallashadi.
Oʻzbekistonda iqtisodiyotni va davlat boshqaruvini raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar ushbu sohada dolzarb muammolarni hal qilish hamda Turkiya tajribasidan foydalanish boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqish maqsadida axborot texnologiyalari va innovatsiyalar sohalari mutaxassislaridan iborat qoʻshma ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar.
Shuningdek, investitsiya muhitini yaxshilash, mintaqaviy rivojlanish, maxsus iqtisodiy zonalar samaradorligini oshirish va boshqa sohalarda Turkiya tajribasini Oʻzbekistonda joriy etish masalalari muhokama qilindi. Turkiyalik ekspertlarni jalb qilgan holda bu sohalardagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Turkiyalik ekspertlarni jalb qilgan holda bu sohalardagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Turkiyaning xalqaro hamkorlik va taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, texnik hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun muhim salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida muhokama etilgan masalalar va yoʻnalishlar doirasida hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha aniq choralar va navbatdagi tadbirlar belgilandi.