Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi Mintaqaviy vakili Murodulla Normurodov viloyatning Koson shahridagi 10-sonli jazoni ijro etish kaloniyasiga borib, mahkumlarning yashash sharoitlarini oʻrgandi, deya xabar qiladi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili Matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 1800 nafar sigʻimga ega 10-sonli koloniyada tashrif amalga oshirilgan kunda 1060 nafar mahkum jazo muddatini oʻtamoqda. Monitoring davomida koloniya oshxonasi va mahkumlarga ovqat tayyorlash jarayoni, oziq-ovqat omborxonasidagi taʼminot va taomnoma menyusi koʻzdan kechirildi.

Shuningdek, koloniya Tibbiyot boʻlimi va mahkumlarga tibbiy xizmat koʻrsatish holati ham oʻrganilib, respublikamizda karonavirus infeksiyasi bilan zararlanish xavfi hali hamon saqlanib qolayotgani sababli, ajratilishi zarur boʻlgan dori-darmonlar taʼminoti va ularning Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash boʻyicha tavsiya qilingan dori vositalariga mosligi tekshirildi. Aniqlanishicha, muassasada dori-darmondan muammo yoʻq, lekin 3 ta shifokor oʻrni vakant. Jazoni ijro etish muassasalarining aksariyatida tibbiyot sohasidagi mutaxassislar yetishmasligi holatiga duch kelinmoqda.

Koloniyada qisqa muddatli va uzoq muddatli uchrashuv xonalari hamda telefon soʻzlashuv xonalari mavjud boʻlib, mahkumlar va ularning oila aʼzolariga qoʻshimcha imkoniyat yaratish maqsadida onlayn ravishda video-muloqot xizmati ham yoʻlga qoʻyilgan.

15 mingdan ortiq huquqiy, diniy va badiiy adabiyotlarni jamlagan muassasa kutubxonasida mahkumlar boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun yetarli sharoitlar yaratilgan.

Monitoring doirasida, “Ombudsman qutisi” koʻzdan kechirilib, 6 nafar mahkumning murojaati oʻrganish uchun qabul qilib olindi. Shuningdek, monitoring davomida 20 nafar mahkumlar bilan shaxsiy qabul oʻtkazildi.

Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi Mintaqaviy vakili Murodulla Normurodov:

— Monitoring davomida muassasada mahkumlar uchun inson huquqlarini qoʻpol ravishda buzilishiga olib keluvchi holatlar koʻzga tashlanmadi. Haqiqatdan ham jazoni ijro etish muassasalaridagi sharoitlar yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Ahamiyatlisi shundaki, qabulimda boʻlgan 3 nafar mahkum ularga jinoyatchilardek emas balki, insoniylik nuqtayi nazaridan muomalada boʻlinayotgani, ruhiy va jismoniy qiynoqlar yoʻqligi va monitoring tadbirlarini muntazam oʻtkazib borilayotganligi uchun minnatdorchilik bildirdi.