Oʻtroq hayot tarzi spirtli ichimlik va chekishdan koʻra koʻproq sogʻliqqa zarar yetkazadi. Tadqiqotchilar olib borgan izlanishlarga koʻra, shunday xulosaga kelmoqda. Odatda, muntazam mashqlar uzoq vaqt oʻtirishdan kelib chiqadigan muammolarning oldini olishga yordam beradi, deb hisoblanadi. Bugungi kunda shifokorlar salomatlikni saqlashning yagona usuli kun davomida qisqa muddatli tanaffuslarda jismoniy tarbiya bilan shugʻullanish ekanligiga amin boʻlishgan. Tushlik vaqtida qisqa sayohat, 5 daqiqalik choʻk tushib oʻtirish va egilish, kun oxirida bir necha bor sakrash sogʻliqni saqlaydi hamda ogʻir kasalliklar xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Qandli diabet

Diabetologia jurnalida chop etilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, oʻtroq hayot tarzi uchun qancha kam vaqt sarflansa, qand kasali rivojlanish xavfi shunchalik past boʻladi. Tadqiqot mualliflarining fikriga koʻra, bu muntazam mashqlarga qaraganda samaraliroq strategiya boʻlib, inson qancha koʻp oʻtirsa, qondagi shakar va xolesterin miqdori shuncha yuqori boʻladi.

Yurak-qon tomir kasalliklari

Avstraliyada 45 yoshdan 65 yoshgacha boʻlgan 63 mingdan ortiq kattalar orasida oʻtkazilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, har kuni toʻrt soat yoki undan kamroq oʻtirganlar orasida gipertoniya, yurak-qon tomir kasalliklari bilan kasallanish ehtimoli ikki baravarga koʻproq. 800 ming kishining sogʻligʻi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻrgangan ingliz tadqiqotchilari xuddi shunday natijalarga erishgan.

Saraton

“Agar kun davomida 6 soat yoki undan koʻproq oʻtirishga toʻgʻri kelsa, yoʻgʻon ichak saratonidan vafot etish ehtimoli 36 foizga oshadi”, − deydi Amerika saraton kasalligi jamiyati tadqiqotchilari. Olimlar ushbu qaramlikning sababini hali topmagan, ammo ularning fikriga koʻra, uzoq vaqt oʻtirish glyukoza va insulin miqdorining buzilishiga olib keladi.

Yurakni yogʻ bosishi

Muntazam jismoniy mashqlar ichki aʼzolar atrofida toʻplanib qolgan yogʻlarni erishiga yordam beradi, ammo bu yurakka taalluqli emas. Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari shunday xulosaga keldi. Shuning uchun yurakni yogʻ bosishidan himoya qilishning eng samarali usuli iloji boricha kamroq oʻtirishdir.

Buyrak kasalligi

Kuniga uch soatdan kam oʻtirgan ayollarda buyrak kasalligi xavfi kuniga sakkiz soatdan ortiq oʻtirganlarga qaraganda 30 foizga kamligi aniqlangan. Erkaklar uchun bu koʻrsatkich 15 foizni tashkil qiladi.