“Korean and Migrations” xususiy bandlik agentligi” MCHJ masʼullariga oid jinoyat ishi boʻyicha rasmiy bayonot berildi

    Xavfsizlik 28 Sentabr 2020 520

    Oliy sud axborot xizmati xabariga koʻra, 14-sentyabr kuni, jinoyat ishlari boʻyicha Yakkasaroy tuman sudida “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MCHJ direktori va boshqalarga nisbatan jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi eʼlon qilingan.

    Sud hukmiga koʻra, sudlanuvchilardan solidar tartibda jabrlanuvchilar foydasiga jami 19 551 004 674 soʻm moddiy zarar undirish, Oʻzbekiston Respublikasi IIV depozit raqamiga topshirilgan jami 7 831 973 502 soʻm pul mablagʻlari va 573 856 519,6 soʻmlik xatlangan mol-mulklar yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplashga qaratish belgilangan.

    Daslabki tergov organi tomonidan 2 372 nafar fuqarolarning jami 24,2 mlrd. soʻm pul mablagʻlari firibgarlik yoʻli bilan koʻlga kiritganlik koʻrsatilgan boʻlib, jinoyat ishi qoʻzgʻatilgunga qadar 2,95 mlrd. soʻm jabrlanuvchilarga qoplangan va sud jarayonida ayrim jabrlanuvchilar daʼvodan voz kechishgan.

    Bugungi kunda jinoyat ishlari boʻyicha Yakkasaroy tuman sudining 2020-yil 14-sentyabrdagi hukmi qonuniy kuchga kirmaganligi sababli ijroga qaratilmagan.

    Ushbu hukm ustidan sudlanuvchi M. Aliqulov va X. Turdiyev, advokat M. Abuduxalikov, fuqaroviy daʼvogar J. Norxodjayev tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyatlar hamda Yakkasaroy tuman prokurori tomonidan protest kelib tushgan boʻlib, mazkur shikoyatlar va protest jinoyat ishi hujjatlari bilan birga jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyada koʻrib chiqilishi uchun rasmiylashtirilmoqda.

    Bugun, 28-sentyabr kuni soat 14.30 da jinoyat ishlari boʻyicha Yakkasaroy tuman sudida (Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli koʻchasi, 62 uy) ushbu jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchi sifatida oʻtayotgan shaxslar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus brifing tashkil etilib, unda mazkur jinoyat ishi yuzasidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni undirish muddati va tartibi boʻyicha huquqiy tushuntirish beriladi.