Tekshiruvlarda turli hududlarda fuqarolarning ishonchini suiiste’mol qilgan shaxslar ularni Koreyaga ishga joylashtirishni va’da qilib, katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirib olgani ma’lum bo‘ldi.
Eng yirik holat Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida qayd etildi. Unda MChJ rahbari 48 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreyaga ishga jo‘natishini aytib, 28,8 ming AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan.
Shuningdek, Surxondaryoning Sherobod tumanida ikki nafar fuqarodan 24 ming dollar, Navoiy viloyatida uch nafar fuqarodan 22,2 ming dollar, Farg‘ona tumanida esa uch nafar shaxsdan 22 ming dollar olib, Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilgan shaxslar fosh etildi.
Bundan tashqari, Buxoro viloyatining Jondor tumani, Namangan viloyatining Chortoq va Uchqo‘rg‘on tumanlari, Qashqadayoning Kitob tumani hamda Farg‘ona shahrida ham shu kabi firibgarlik holatlari aniqlangan. Ayrim holatlarda jabrlanuvchilarga pul mablag‘larining bir qismi qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilar fuqarolarni Migratsiya agentligi yoki davlat tashkilotlarida ishlovchi tanishlari orqali ishga joylashtirish mumkinligiga ishontrib, ulardan minglab dollar mablag‘ olgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 25, 211-moddalari (pora berishga suiqasd) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar xorijga ishga ketish istagidagi fuqarolarni faqat rasmiy tartiblar orqali harakat qilishga, ishga joylashtirish bo‘yicha turli va’dalar berayotgan vositachilarga ishonmaslikka chaqirmoqda.