Koreya aerokosmik universiteti Fuqaro aviatsiyasi sohasida kadrlar tayyorlashda hamkorlik qiladi

    Ta'lim 4 Noyabr 2022 1632

    Bugun, 4-noyabrda transport vaziri oʻrinbosari Abdusamat Moʻminov Koreya aerokosmik universiteti rektori Xu Xi Yong boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Koreya aerokosmik universiteti bilan hamkorlikda fuqaro aviatsiyasi sohasida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish yoʻnalishida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama etildi.

    Dastlab uchrashuvda transport vaziri oʻrinbosari A.Moʻminov mamlakatimizda aviatsiya bozorini liberallashtirish va raqobatni rivojlantirish maqsadida fuqaro aviatsiyasi tizimida olib borilayotgan islohotlarga toʻxtalib oʻtdi. Ushbu jarayonda esa yuqori malakali mutaxassislarga boʻlgan talab kun sayin ortib borayotgani va soha uchun professional kadrlarni tayyorlash dolzarb ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

    Oʻz navbatida Koreya aerokosmik universiteti rektori Xu Xi Yong mamlakat fuqaro aviatsiya sohasi uchun kadrlar tayyorlash yoʻnalishida oʻzaro hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini qayd etdi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama etilgan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldilar, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.