29 Mar 2025
23:20

    Koreya bilan atrof-muhitni muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan memorandum imzolandi

    Ayni damda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi delegatsiyasi Koreya Respublikasida amaliy tashrif bilan (24—29-mart) boʻlib turibdi.

    Tashrif davomida ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, strategik ekologik baholash va uglerod neytralligini taʼminlash yoʻnalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinmoqda.

    Tashrif doirasida Ekologiya vazirligi Davlat ekologik ekspertizasi markazi va Koreya Respublikasi Atrof-muhit instituti oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

    Mazkur memorandumda quyidagilar koʻzda tutilgan:

    • atrof-muhitga taʼsirni baholash tizimini takomillashtirish;
    • jamoatchilikni ekologik qarorlar qabul qilish jarayonlariga keng jalb qilish;
    • strategik ekologik baholash sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlikni kengaytirish;
    • sohadagi milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish mexanizmlarini yaratish;
    • uglerod izini kamaytirishga qaratilgan pilot loyihalarni amalga oshirish;
    • xodimlar malakasini oshirish boʻyicha oʻquv-seminarlar tashkil etish;
    • KOICA tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan “Texnologik bazani takomillashtirish va ilgʻor monitoring tizimi texnologiyalarini joriy etish orqali Oʻzbekistonda atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik atrof-muhitni baholash tizimini mustahkamlash” loyiha konsepsiyasi boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish.

    Tashrif davomida atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash jarayonlarining samarali mexanizmlari, jamoatchilikning atrof-muhit bilan bogʻliq maʼlumotlarga ega boʻlishi hamda jamoatchilik eshituvlarining samarali huquqiy asoslari, ekologik monitoring uchun real vaqtda maʼlumot olishga moʻljallangan integratsiyalashgan yagona raqamli tizim yaratish koʻzda tutilgan.

    Qolaversa, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, Koreya Respublikasining uglerod izini kamaytirish boʻyicha tajribasini oʻrganish va bu borada Oʻzbekistonda samarali tizimni yoʻlga qoʻyish borasida kerakli maʼlumotlar olish va tajriba oshirish maqsad qilingan.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech