Koreya-Oʻzbekiston biznes assotsiatsiyasi raisi birinchi oʻrinbosari Kim Chang Keon bilan boʻlib oʻtgan muloqotda soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasida iqtisodiy almashinuv va sarmoyaviy faoliyat rivojlanib borayotgani, hamkorlik yangi pogʻonaga koʻtarilgani alohida qayd etildi.
Sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash, Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb etish masalalari muhokama etildi.
Muzokaralar natijasida Oʻzbekiston mahsulotlarini Koreya Respublikasiga eksport qilishga xizmat qiladigan Oʻzbekiston-Koreya qoʻshma transport-logistika kompaniyalarini tashkil etish, audio va video texnika, shuningdek, videokuzatuv tizimlari ishlab chiqarish hamda chiqindi poligonlari negizida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash majmuasini yaratish kabi loyihalarni koʻrib chiqish va ularni tayyorlash boʻyicha kelishuvga erishildi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) prezidenti Chang Von Sam bilan oʻtkazilgan uchrashuvda birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar, ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirishga qaratilgan yangi imkoniyatlar muhokama etildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, Oʻzbekiston KOICA ning dunyo boʻylab beshta yirik hamkorlaridan biri boʻlib, mintaqadagi strategik muhim hamkor hisoblanadi.
Ayni paytda mazkur agentlik tomonidan Oʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishda 140 million dollardan ortiq moliyaviy, texnik va grant yordami koʻrsatilgan.
Oliy Majlisda “elektron parlament” tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirishda KOICA bilan hamkorlik faol rivojlanib boryapti.
Global Yashil oʻsish instituti (GGGI) tomonidan KOICA bilan birgalikda Orol dengizi mintaqasi ekotizimini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan umumiy qiymati 5,9 million dollar boʻlgan loyiha amalga oshirilyapti. Shu maʼnoda Koreyaning ilgʻor tajribasi va ekologik muammolarni hal etishdagi amaliy muvaffaqiyatlarini inobatga olgan holda, iqlim oʻzgarishi jarayonlarini jilovlash va “yashil” texnologiyalar boʻyicha hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston juda tez surʼatlar bilan rivojlanayotgani va turli loyihalarni amalga oshirish zarurati yuzaga kelayotgani alohida taʼkidlanib, sogʻliqni saqlash, taʼlim, axborot texnologiyalari, kommunal xoʻjalik, qishloq va suv xoʻjaligi, energetika, transport va boshqa sohalardagi loyihalarni ilgari surish orqali keng qamrovli va koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.