Koreya bilan mehnat munosabatlari sohasidagi hamkorlik yanada kuchaytiriladi

    Xalqaro hamkorlik 19 Sentabr 2023 920

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiyaning Koreya Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida ushbu mamlakatning bandlik va mehnat vaziri Li Jung Sik bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Davlatlarimiz oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalarda mehnat munosabatlari bilan bogʻliq yoʻnalish muhim ahamiyat kasb etishi, bu boradagi loyihalarni hayotga tatbiq etishning huquqiy asoslarini birgalikda ishlab chiqish, munosib mehnat, qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish kabi masalalar muhokama markazida boʻldi.

    Mehnat migratsiyasining uyushgan shakllarini kengaytirish, respublikadan tashqariga ishlash uchun chiqayotgan fuqarolarning mehnat va ijtimoiy huquqlarini himoya qilishni taʼminlash, xorijdan qaytgan mehnat migrantlarini tadbirkorlik va mehnat faoliyatiga keng jalb etish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

    Har yili Oʻzbekiston mehnat bozoriga 600 ming nafar yoshlarning kirib kelishini hisobga olgan holda ular ishsizligini bartaraf etish va ish oʻrinlari istiqbollarini oʻzgartirish, ularni oʻqitish va kasbga manzilli tayyorlash yoʻnalishida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

    Bunda Oʻzbekistonda kasb-hunar taʼlimida, oʻzbekistonlik ishchilarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishda koʻmaklashib kelayotgan “KOICA” xalqaro hamkorlik agentligining oʻrniga alohida urgʻu berildi.

    Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vaziri Li Jun Sikning iyul oyida Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarni, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi va Janubiy Koreyaning tegishli vazirliklari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi taʼkidlandi.

    Uchrashuv yakunida ushbu memorandumni amalga oshirish boʻyicha bosqichma-bosqich “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, jumladan, qoʻshma treninglar oʻtkazish, statistik maʼlumotlar va mutaxassislar almashinuvini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.