Koreya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantiriladi

    Biznes 29 Dekabr 2022 1581

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Laziz Kudratov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi ishchi guruhi Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi.

    Tashrif doirasida Koreyaning Savdo, sanoat va energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Eksimbanki rahbariyati bilan uchrashuvlar, shuningdek, Koreyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan davra suhbati va alohida ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazildi.

    “Kattalar uchun koʻp tarmoqli klinika qurish”, “Tibbiyot universitetini tashkil etish”, “Onkologik klinika qurish”, shuningdek, “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterini yaratish” kabi yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalari yuzasidan kelishib olindi.

    Koreya Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Chu Kyung Xoning 2023-yil boshida Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Savdo, sanoat va energetika vazirligi bilan Nodir metallar va qattiq qotishmalar boʻyicha Oʻzbekiston-Koreya texnologik markazini yaratish loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish masalasi muhokama etildi. Ushbu maqsadlar uchun Koreya tomoni Oʻzbekistonda noyob va rangli metallarni qazib olish va qayta ishlashga Koreya kompaniyalaridan sarmoya jalb etishga qaratilgan yangi sanoat loyihalarini ishlab chiqish uchun 12 million dollar miqdorida qoʻshimcha grant ajratyapti.

    Shuningdek, Koreya tomoni oʻzbek uzum va poliz mahsulotlarini Koreya bozoriga yetkazib berish uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini berishga tayyorligini bildirdi. Bugungi kunga qadar Koreya 43 turdagi oʻzbek meva-sabzavot va quritilgan mevalarni yetkazib berishga ruxsat bergan.

    23 kompaniya vakillari ishtirok etgan davra suhbati va G2B formatidagi uchrashuvlarida energetika va infratuzilmani rivojlantirish sohasida Daewoo Engineering and Construction, kimyo sanoatida Hanwha Corporation, DL E&C kompaniyasi bilan suv taʼminoti boʻyicha, SH Energy & Chemical bilan elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalar ishlab chiqarish boʻyicha, shuningdek, Samsung Madison va I-Sense kompaniyalari bilan tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish boʻyicha qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

    Alohida tartibda bank-moliya sohasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi, xususan, Oʻzbekistonda Kyongnam Bank filialini ochish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Tashrif yakunlari boʻyicha koreyalik hamkorlar bilan erishilgan barcha kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha tegishli “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.