Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasidagi konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, parlamentlararo muloqot darajasini oshirish hamda oʻzaro aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi davlatlararo siyosiy, savdo iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik, “xalq diplomatiyasi” yoʻlidagi aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan saʼyi-harakatlar davlatlararo aloqalarning izchilligini taʼminlashga xizmat qilyapti.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarning mustahkamlanib borayotgani natijasida oxirgi besh yil ichida tovar ayirboshlash ikki baravar oshdi va 2022-yilda 2,3 milliard dollarga yetdi.

Muloqot chogʻida parlamentlararo aloqalarning amaldagi holati va kelgusidagi rivojiga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlash joiz, ayni paytda Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha komissiyasi va Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi “Koreya-Oʻzbekiston” parlamentlararo doʻstlik Assotsiatsiyasi samarali faoliyat yuritib kelyapti.

Uchrashuv davomida Senat Raisi elchini yuksak va masʼuliyatli vazifaga tayinlangani munosabati bilan samimiy qutlab, Koreya Respublikasi Oʻzbekiston uchun ishonchli va vaqt sinovidan oʻtgan doimiy hamkor ekanligini alohida taʼkidladi. Shuningdek, Senat Raisi ikki tomonlama alohida strategik sheriklik munosabatlarining yuqori darajasini mustahkamlashda parlamentlar muhim oʻrin tutishi, davlatlarimiz oʻrtasida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish borasida hamkorlikdagi samarali ishlarni oliy darajada davom ettirish muhimligini qayd etdi.

Oʻz navbatida Kim Xi Sang samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki davlat oʻrtasida uzoq yillar davomida deyarli barcha sohalarda shakllangan doʻstlik munosabatlarining Koreya Respublikasi uchun nihoyatda ahamiyatli va qadrli ekanligi, hamda bunday strategik sheriklikni yanada kengaytirishda parlament diplomatiyasi tayanch rolga egaligini muhimligini alohida taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida sanoat sohasida, xususan, toʻqimachilik sanoatida oʻzaro hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirish, shuningdek, mamlakatlarning xalqaro darajadagi tashabbuslarini oʻzaro qoʻllab-quvvatlashga kelishib olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.