Koreya kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirilishi muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 27 Noyabr 2022 1230

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekistonda qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirayotgan Koreyaning 30dan ortiq kompaniyasi rahbarlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirda manfaatdor vazirlik, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi diplomatik vakolatxonasi vakillari ham ishtirok etdi.

    Muloqotda energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, qurilish, geologiya, sog‘liqni saqlash, muhandislik va ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

    Koreyalik investorlar ularni qiynab kelayotgan masalalarni aytib, loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha konstruktiv takliflar bilan o‘rtoqlashdi. O‘z navbatida vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimliklar vakillari tomonidan ko‘tarilgan masalalar yuzasidan atroflicha javoblar berildi va yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqildi.

    Yig‘ilish yakunida loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar, muddatlar va mas’ul ijrochilar belgilangan «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.