Koreya-Oʻzbekiston biznes uyushmasi vitse-prezidenti “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi

    Voqea-hodisalar 17 Dekabr 2021 1044

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-avgustdagi №PF-6303-sonli Farmoniga muvofiq, Koreya — Oʻzbekiston biznes uyushmasi (KOʻBU) vitse-prezidenti Kim Chang Keon Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasida ikki tomonlama aloqalarni oʻrnatish va hamkorlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.

    Faxriy mukofot 16-dekabrda Seul shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov tomonidan topshirildi.

    Taqdirlash marosimida orden ikki mamlakatning koʻp qirrali hamkorligini chuqurlashtirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, shuningdek, fan-texnika, madaniyat va gumanitar sohalardagi munosabatlarni faollashtirish, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda Koreya va Oʻzbekiston xalqlari oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qoʻshilayotgan ulkan hissaning yuksak eʼtirofi sifatida topshirilayotganligi taʼkidlandi.

    Kim Chang Keon Oʻzbekiston-Koreya hamkorligini rivojlantirishdagi roli yuqori baholangani uchun minnatdorlik bildirib, ushbu mukofot Assotsiatsiya faoliyatini yanada faollashtirishga ragʻbat boʻlib xizmat qilishini, shuningdek, kelishilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini oʻzaro yanada yaqinlashtirishga qaratilgan yangi tashabbuslar ustida birgalikda ish olib borishga sodiqligini taʼkidladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.