O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi do‘stlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash, keng ko‘lamli hamkorlikni, xususan, mehnat munosabatlari sohasidagi aloqalarni yana-da kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda parlamentlararo muloqotning o‘rni muhimligiga e'tibor qaratildi. Shu ma’noda Oliy Majlis Senati Raisi rahbarligidagi Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan mamlakatlarimiz o‘rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlar, «yo‘l xaritalari»ning bajarilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlashga qaratilgan hamkorlik bo‘yicha maxsus komissiya faoliyati samaradorligi alohida qayd etildi.
Koreya tomonining joriy yil sentyabr oyiga mo‘ljallangan yangi formatdagi «Markaziy Osiyo + Koreya Respublikasi» parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha sammiti ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarda mehnat munosabatlari bilan bog‘liq yo‘nalish muhim ahamiyat kasb etishi, bu boradagi loyihalarni hayotga tatbiq etishning huquqiy asoslarini birgalikda ishlab chiqish, o‘zaro takliflar bildirish, muzokaralar va uchrashuvlar o‘tkazishni faollashtirish masalalarini hal etish va yo‘nalishlarni belgilab olish muhimligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, BMTning «Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish bo‘yicha global tezlatkich» tashabbusi doirasida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham takliflar ilgari surildi.
O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasining tegishli vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi.
Memorandumni amalga oshirish doirasida mehnatni muhofaza qilish, gender tenglik, shuningdek, «Better work» dasturini amalga oshirish masalalarini hal etishda o‘zaro hamkorlikni aks ettiruvchi Qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish taklifi qo‘llab-quvvatlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.