Koreya Respublikasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 15 Iyul 2022 1137

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Yo Sin Pe bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv chogʻida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari hamda Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish chora-tadbirlari muhokama etildi.

    Koreya delegatsiyasi Koreya Respublikasining yangi rahbariyati strategik sherikligimiz rivojlanishiga alohida jadallik bagʻishlaydigan, barcha yoʻnalishlarda uzoq muddatli, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga imkon yaratayotgan oliy darajadagi qardoshlik va ishonchli munosabatlarni saqlashga qatʼiy eʼtibor qaratayotganini taʼkidladi.

    Tomonlar ikki mamlakat Bosh vazirlari oʻrinbosarlari oʻrtasida muntazam muzokaralar oʻtkazish, vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasining yirik qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish va Pusan shahrida boʻlib oʻtadigan navbatdagi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” 15-Forumi oʻtkazish uchun tashrifini tashkil etishga kelishdilar.

    Muzokaralar yakunida Koreya hukumati tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun texnik yordam hajmini oshirish boʻyicha qoʻshma ishlarni faollashtirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.