Koreya Respublikasi Toshkentdagi Seul bogʻini rekonstruksiya qilishga koʻmaklashmoqchi

    Xalqaro hamkorlik 4 May 2023 866

    Bildirilishicha, joriy yilda Seul shahri meriyasi tomonidan 340 ming AQSH dollari, Koreya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan esa 152 ming AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratish rejalashtirilmoqda.

    Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sangni qabul qildi.

    Uchrashuvda Toshkent va Seul oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan birodarlik aloqalarini kengaytirish va shaharlarning birgalikdagi rivojlanish rejalarini amalga oshirish, Koreya biznesidagi yutuqlarni Oʻzbekiston va Toshkentda qoʻllash ahamiyatli boʻlishini taʼkidlandi.

    Elchi Kim Xi Sang samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston va Toshkent bilan aloqalarni rivojlantirish Koreya Respublikasi uchun ham ustuvor ahamiyat kasb etishini bildirdi.

    Turli soha va yoʻnalishlardagi hamkorlik kengayib, rivojlanib borayotganiga eʼtibor qaratib, hozirda Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan Koreya kompaniyalarining 50 foizdan ortigʻi Toshkentda ishlayotganligini qayd etdi.

    Bundan buyon ham mavjud aloqalarni kengaytirish, Koreyaning yetakchi firma va kompaniyalarini Oʻzbekiston bozoriga olib kirish yoʻnalishida faol ishlashini bildirdi.

    Suhbat davomida Toshkentdagi Seul bogʻini rekonstruksiya qilish hamda investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish masalasi alohida muhokama etildi.

    Kim Xi Sang joriy yilda Seul shahri meriyasi tomonidan bogʻni qayta taʼmirlash uchun 340 ming AQSH dollari, Koreya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan esa 152 ming AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratish rejalashtirilayotganligini bildirib, bu ishlar oʻz muddatida, yuqori sifatda bajarilishi uchun Toshkent shahri hokimligining amaliy yordami muhimligini qayd etdi.

    Shuningdek, Koreya investitsiyasi asosida ishga tushishi moʻljallangan markaz faoliyatining tashkiliy-huquqiy masalalarini bayon etdi. Shavkat Umurzoqov Seul bogʻi ikki mamlakat doʻstligi ramzi ekanligiga eʼtibor qaratib, qayta taʼmirlash ishlari boshlanguniga qadar ham bogʻni tartibga keltirish ishlari amalga oshirilishi va rekonstruksiya jarayonida ham zarur amaliy yordam koʻrsatilishini bildirdi.

    Shu bilan birga, investitsiya sohasidagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun Toshkent bor imkoniyatlarini ishga solishini bildirib, ikki tomon – Koreya Respublikasi va Toshkent shahar hokimligining masʼullaridan iborat ishchi guruhini tashkil etish orqali turli sohalarda rivojlanish istiqbollarini birgalikda koʻrib chiqib, yangi loyihalarni ishga tushirish yuzasidan rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish taklifini bildirdi. Koreya elchisi bu taklifni toʻla qoʻllab-quvvatladi. Tomonlar amaliy muloqotlar davom etishini bildirishdi.