Koreya Respublikasining Elchisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 13 Aprel 2022 2397

    Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligida Koreya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Kim Xi-Sang hamda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Suhbat chogʻida tomonlar maktabgacha taʼlim sohasidagi Oʻzbekiston-Koreya munosabatlarining bugungi va ertangi kelajagini yanada mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildi.

    Koreya delegatsiyasi rahbari oʻz nutqida maktabgacha taʼlim sohasini rivojlantirishda oʻzaro manfaatli hamkorlikni oshirish tarafdori ekanini alohida taʼkidladi.

    Mehmonning fikricha, maktabgacha taʼlim sohasidagi hamkorlik loyihalarni samarali amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyatining maktabgacha taʼlim tizimiga eʼtibori ortib borayotgan bir paytda, Koreya tomoni KOIKA loyihasi doirasida Toshkent shahridagi davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti kadrlarini tayyorlash, malakasini oshirish uchun kompleks markazni qurish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga bu borada har tomonlama yordam koʻrsatishini alohida taʼkidladi.

    Oʻz navbatida janob Kim Xi-Sang Koreyaning EBS bolalar taʼlim telekanali va Oʻzbekistonning “Aqlvoy” telekanali oʻrtasida aloqalarni mustahkamlashda Maktabgacha taʼlim vazirligiga koʻmaklashish uchun tayyorligini bildirdi.

    Xususan, janob Kim Xi-Sang Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan barcha bolalar turli oʻquv animatsion filmlarni tomosha qilish imkoniga ega boʻlishlari uchun telekanallar oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolanishini taʼminlashga vaʼda berdi.

    Muzokaralar natijasida tomonlar Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim jarayonini rivojlantirish yoʻlidagi hamkorlik ishlarini davom ettirish toʻgʻrisida kelishib oldi, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati.