Koreya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchisi bilan Milliy gvardiya qoʻmondoni uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Harbiy 7 Oktabr 2024 351

    Bugun, 7-oktyabrda Koreya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon bilan Milliy gvardiya qoʻmondoni general-mayor R.Djurayevning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv davomida, davlatlarimiz oʻrtasidagi Mudofaa, Mudofaa sanoati, Xavfsizlik hamda Huquqni muhofaza qilish sohalarida keng qamrovli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani alohida taʼkidlab oʻtildi.

    Xususan, 2021-yil 16-19-iyun kunlari Koreya milliy politsiya Agentligi Bosh komissari Kim Chang Yongning Oʻzbekistonga tashrifi davomida, Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi va Koreya Milliy politsiya agentligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv Memorandumi imzolanib qator kelishuvlarga erishilgani, bundan tashqari uch tomonlama muzokaralar oʻtkazilib, Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Koreya milliy politsiya Agentligi oʻrtasida amaliy hamkorlik rejasi imzolagani taʼkidlandi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi va Koreya Milliy politsiya Agentligi oʻrtasida jamoat tartibini taʼminlash, muhim obyektlarini qoʻriqlash, kiberxafvsizlik yoʻnalishlarida oʻzaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan masalalar muhokama etilib, harbiy kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishda tajriba almashinuvi, oʻzaro tanishuv tashriflar, qoʻshma treninglar, seminarlar va amaliy mashgʻulotlar tashkil etishning ijobiy natijalari qayd etildi.

    Oʻz navbatida, elchi Von Do Yon Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Koreya tomoni bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdagi barcha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida Koreya milliy politsiya Agentligi bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha bir qator kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Milliy gvardiya matbuot xizmati.

    Oʻzaro hurmat va ishonch ruhida boʻlib oʻtgan uchrashuv yakunida, Koreya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi janob Von Do Yon faxriy mehmonlar kitobida oʻzining samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.