Maʼlumot uchun: Koreya Respublikasi Sanoat, savdo va energetika vazirligi qoshidagi Koreya-Oʻzbekiston biznes uyushmasi Inchon shahridagi Koreya-Oʻzbekiston biznes markazi negizida 2020-yil aprel oyida tashkil etilgan. Maqsadi - savdoni kengaytirish va ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish orqali Oʻzbekiston va Koreyaning iqtisodiy rivojlanish platformasini tashkil etish hisoblanadi. Boshqaruv tarkibiga 6 ta faxriy maslahatchi va Koreya iqtisodiyotining turli sohalaridan 8 ta direktor kiradi.
Uchrashuvda, shuningdek, KO'BU direktorlar kengashi a'zolari - «Evergreen Motors», «Englishunt», «BT&I», «Hanshin E&C» kabi Koreyaning etakchi kompaniyalarining rahbarlari hamda Farg'ona shahridagi Koreya xalqaro universitetining (KXU) rahbari ishtirok etishdi.
Uyushma rahbariyati mamlakatda bosqichma bosqich olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va investitsiya muhitining yaxshilanishi tufayli Koreya kompaniyalarining O'zbekistonda biznes yuritishga bo'lgan qiziqishi ortib borayotganini ta'kidladi.
Uchrashuv davomida Koreya ishbilarmonlari O'zbekistonda amalga oshirilayotgan tashabbuslar haqida gapirib berishdi hamda yaqin kelajakdagi rejalari bilan bo'lishishdi.
Shuningdek, muloqot doirasida qurilish va shahar infratuzilmasini rivojlantirish, sog'liqni saqlash, oliy va o'rta maxsus ta'lim, turizm va rivojlantirish sohalarida aniq loyihalarni implementatsiya qilishda manzilli yordam ko'rsatish choralari muhokama qilindi.
Hamkorlikning dolzarb yo'nalishlari ustida amaliy ishlar olib borish hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan muzokaralar o'tkazish maqsadida Koreyaning ayrim kompaniyalari rahbarlarining O'zbekistonga tashrifini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Farg'ona shahrida KO'BU rasmiy vakolatxonasini ochish to'g'risida kelishuvga erishildi. Tashkil etiladigan vakolatxona har ikki mamlakat biznes vakillari o'rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirish va Koreya investitsiyalarini jalb qilgan holda amalga oshirilayotgan loyihalar sonini oshirishga imkon beradi.