Koreya xalqaro hamkorlik agentligi KOICA Prezidenti bilan uchrashuv oʻtkazildi

    Xalqaro hamkorlik 17 Dekabr 2021 1410

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov KOICA Koreya xalqaro hamkorlik agentligi Prezidenti Son Xyuk Sang bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Konstruktiv muloqot rivojlanish sohasidagi koʻp qirrali moliyaviy va texnik hamkorlikning hozirgi holatini har tomonlama koʻrib chiqish imkonini berdi. Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda KOICA vakolatxonasi ochilganidan buyon qiymati 130 million dollarga teng boʻlgan 30 dan ortiq loyiha amalga oshirilib, Koreyadagi oʻzbek mutaxassislari uchun 2 mingdan ortiq stajirovkalar tashkil etilgan. Bundan tashqari, sogʻliqni saqlash, taʼlim, axborot texnologiyalari, kommunal xoʻjaligi, qishloq va suv xoʻjaligi, energetika, transport va boshqa sohalarda KOICAning 600 dan ortiq koʻngilli-mutaxassislari Oʻzbekistonda oʻz missiyalarini amalga oshirdi.

    Joriy yilda taʼlim, axborot-kommunikatsiya sohasi, ekologiya va tibbiyot sohalarida boshlab yuborilgan grant loyihalarining amalga oshirilishi, shuningdek, Koreya Respublikasi Prezidentining 2019-yil aprel oyida Oʻzbekistonga davlat tashrifi chogʻida imzolangan va KOICA grant mablagʻlarining 72 million dollardan ziyodini Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun jalb etishni nazarda tutuvchi 2020-2022-yillarga moʻljallangan oʻrta muddatli Hamkorlik dasturini hayotga tatbiq etishda erishilgan yutuqlar muhokama qilindi.

    Tomonlar Agentlik bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish salmoqli salohiyatga ega ekanini qayd etib, raqamlashtirish, kimyo sanoati, tadbirkorlikni rivojlantirish, ekologiya, koʻkalamzorlashtirish va virusli kasalliklar, jumladan, COVID-19 qarshi kurashish kabi sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.

    Uchrashuv davomida Koreyaning KOICA xalqaro hamkorlik agentligi bilan maktabgacha va kasb-hunar taʼlimi, raqamlashtirish, kimyo, tadbirkorlikni rivojlantirish, ekologiya, koʻkalamzorlashtirish va choʻllanishga qarshi kurashish, shuningdek sogʻliqni saqlash sohalarida yangi grant loyihalarini amalga oshirishni koʻzda tutuvchi 2022-2024-yillarga moʻljallangan Hamkorlik dasturi kelishib olindi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar kelishilgan loyihalar va dasturlarni ilgari surishni jadallashtirish borasida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.