Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvangju shahridagi vakolatxonasi, mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi vakillari “Hyundai Heavy Industries” kompaniyasining Mokpo shahridagi “Hyundai samo” kemasozlik zavodida boʻlib, u yerda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashuv oʻtkazdi.
“Hyundai Heavy Industries” dunyodagi eng yirik kemasozlik kompaniyasi hisoblanadi. U ayni paytda dunyoning 500 ta yirik kompaniya reytingida 355-oʻrin va sanoat uskunalari sohasida 4-oʻrinni egallagan. Ushbu kompaniyaning Mokpo shahrida joylashgan zavodlaridagi oʻzbek ishchilarining soni qariyb 300 nafarni tashkil etadi.
Uchrashuv doirasida ushbu mintaqada ishlayotgan va tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz bilan davra suhbati tashkil etildi. Ularga Oʻzbekistonning yangi qabul qilingan saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartirishlar, saylovlarning yangi meʼyor va tartib-qoidalar asosida tashkil etilishi haqida maʼlumotlar berildi.
Uchrashuv davomida ushbu kompaniya tomonidan oʻzbekistonlik migrantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan ish va yashash joylari oʻrganilib, ularning pandemiya davrida taʼtilga borib kelish tartibi, bir yilga uzaytirilgan viza haqidagi savollariga batafsil javob qaytarildi.
Shuningdek, Cheju shahridagi “TG – Tegukongopsa” plastik mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasida ishlayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz bilan uchrashuv oʻtkazildi.
“TG – Tegukongopsa” oʻzbekistonlik ishchi migrantlarni doimiy ravishda shartnoma asosida ishga taklif qilib kelayotgan korxonalardan biri hisoblanadi.
Ushbu korxonada koʻp yillardan beri ishlayotgan yurtdoshlarimizga anʼanaga koʻra, Vakolatxona tomonidan “Namunali va sodiq xodim” tashakkurnomasi, korxona rahbariga oʻzbekistonlik fuqarolarni qoʻllab-quvvatlayotgani uchun tashakkurnoma va sovgʻalar taqdim etildi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.