Koreyada o'zbek milliy taomlari e'tirof etilmoqda

    Biznes 16 Noyabr 2020 2241

    Mahmud Abdullaev Janubiy Koreyadagi «Lazzat» deb nomlangan O'zbek milliy taomlar restorani asoschisi va rahbaridir.

    Vatandoshimiz tomonidan 2013 yilda Janubiy Koreyaning poytaxtida tashkil etilgan restoranda koreyaliklar va ushbu mamlakatda yashovchi chet ellik fuqarolar orasida o'zbek milliy taomlarini tanishtirish orqali yurtimizning gastronomik turizm salohiyati targ'ib qilinmoqda.

    Umuman olganda, M.Abdullaev O'zbekiston turizm sohasini rivojlantirish, uning nufuzini xalqaro miqyosda oshirish borasida keng ko'lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, Janubiy Koreyaning markaziy telekanallarida o'zbek milliy taomlari va ularni tayyorlash haqidagi ko'rsatuvlarda ishtirok etib boradi.

    Seul shahri hokimiyatining va Janubiy Koreya Turizm Qo'mitasining takliflariga binoan 7 yildan buyon o'tkazilayotgan “Xalqaro taomlar ko'rgazmalari”da o'zbek milliy taomlarini tayyorlab faxrli o'rinlarni egallab kelmoqda. Vatandoshimiz Janubiy Koreyaning onlayn savdo bozorida ham o'zbek milliy taomlarini sifatli va tez etkazib berish bo'yicha etakchilar orasidan joy olgan.

    SHu bilan birga, o'zbek milliy taomlariga qiziqishi bo'lganlar uchun mahorat-darslarini ham o'tkazib boradi. O'z o'rnida, M.Abdullaev faoliyati Koreyadagi blogerlar tomonidan ham kuzatib borilishini alohida ta'kidlab o'tish mumkin. Mahmud Abdullaev 2020 yilning 27 sentyabr` kuni O'zbekiston Respublikasining “Turizm fidoyisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan.