Koreyada Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi xotirlandi

    Madaniyat 13 Fevral 2023 2478

    Oʻzbekistonning Seuldagi elchixonasida oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandasi, olim va shoir, shoh va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligiga bagʻishlangan adabiy tadbir oʻtkazildi.

    Oʻzbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda uyushtirilgan mazkur tadbirda ushbu mamlakatda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz, Xanguk chet tillari universitetida oʻzbek tili yoʻnalishi boʻyicha tahsil olayotgan mahalliy talabalar ishtirok etdi.

    Tadbirda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va beqiyos adabiy-ilmiy merosi haqida soʻz bordi. Xususan, buyuk bobokalonimiz tomonidan yaratilgan nodir, bebaho ilmiy asarlarning jahon taraqqiyoti, ilm-fani rivojidagi ahamiyati, ilmiy salohiyati, insoniyat tafakkurining, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod maʼnaviyatining yuksaltirishdagi oʻrni va roli nihoyatda muhim ekanligi taʼkidlandi. Bobur hayoti va ijodi, oʻlmas asarlari, boburiylarning Hindiston taraqqiyotidagi oʻrni va roli alohida qayd etildi.

    Boburning betakror sheʼriyati, Sharq xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari, tabiati va qadriyatlari haqida mufassal maʼlumot beruvchi, insonni komillikka undovchi asarlari yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga egaligi aytildi.

    Tadbir ishtirokchilari Oʻzbekistonda buyuk alloma va mutafakkirlarning ijodiy merosini oʻrganish, xotirasini abadiylashtirish, asarlarida ilgari surilgan ezgu gʻoyalarni keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

    Tadbirda vatandoshlarimiz va Janubiy koreyalik talabalar Zahiriddin Muhammad Bobur ijodidan namunalar oʻqib berdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.