Koreyaga ishga borish talablari qanday?

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi jurnalist va blogerlarni Koreya Respublikasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagidagi fuqarolar uchun bo'lib o'tayotgan EPS-Topik test imtihonlari jarayonlari bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.

    O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi o'rtasida imzolangan memorandumga asosan mamlakatimiz fuqarolarini malaka talab etilmaydigan E-9 ishchi vizasi bo'yicha ushbu davlatda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibi belgilangan. Mazkur viza orqali fuqarolar ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish sohalariga jalb etiladi.

    2020-yilda pandemiya sababli barcha ishchi kuchi etkazib beruvchi davlatlar qatorida, o'zbekistonlik mehnat migrantlarining ushbu davlatga oqimi sezilarli darajada qisqardi. 2021-yil 5-noyabr kuni Koreya Respublikasi maxsus komissiyasi qaroriga asosan chet ellik ishchilar Koreya davlatiga kirishiga ruxsat berilgach, 2021-yil noyabr-dekabr oylarida pandemiya cheklovlari sharoitida jami 915 fuqaro tashkiliy tarzda jo'natildi.

    2022-yilning yanvar-iyun oylari davomida Koreya Respublikasidan mehnat ta'tili olib O'zbekistonga kelgan fuqarolarning 1896 nafari ish joyiga qaytib ketgan hamda E-9 viza turi bo'yicha 2026 fuqaro tashkiliy tarzda jo'natildi. Hozirgi vaqtda ikki davlatdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, ushbu jarayonlar to'liq tiklandi.

    Koreya Respublikasida ishlash istagidagi fuqarolar uchun 2022-yilda belgilangan koreys tili bo'yicha EPS-Topik hamda malaka test imtihonlarida ishtirok etish uchun joriy yil 28 aprel kuni labormigration.uz dasturiy majmuasidan 18 yoshdan 39 yoshgacha bo'lgan 16 ming 601 nomzod ro'yxatdan o'tgan.

    Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining EPS-Topik agency bazasiga ro'yxatdan o'tgan 16 ming 601 nomzoddan 1391 nafari talablarga mos kelmagani sababli qabul qilinmagan.

    Shunday qilib, barcha talablarga muvofiq ro'yxatdan o'tgan nomzodlar uchun 2022-yil 2-iyun kuni Toshkent shahrida koreys tilidan EPS-Topik test imtihoni boshlangan va 15-iyulgacha davom etadi. Ta'kidlash joiz, ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o'tgan nomzodlar malaka test imtihonlaridan ham o'tishi lozim.

    Ma'lum qilinishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o'tgan fuqarolarni Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirishini kafolatlamaydi.

    Test imtihonlari bevosita Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan o'tkazilmoqda va baholanadi. Imtihonlardan muvaffaqiyatli o'tgan fuqarolar ro'yxati Inson resurslarini rivojlantirish xizmati va Agentlik veb-saytlarida e'lon qilinadi. Keyingi bosqichda Agentlik tomonidan sinovlardan o'tgan fuqarolar to'g'risidagi ma'lumotlar (anketa ma'lumoti, skaner qilingan pasport nusxasi, fotosurat) Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining SPAS elektron bazasiga kiritiladi. SPAS elektron bazasiga kiritilgan ma'lumotlar qachon kiritilishidan qat'iy nazar nomzod ro'yxati KIRRX tomonidan tasdiqlangandan so'ng, 1 yil muddatga amal qiladi va bu muddat ichida nomzod koreys ish beruvchilari tomonidan tanlanmagan taqdirda KIRRX tomonidan yana 1 yil muddatga qayta tasdiqlanadi.

    Ikkinchi yilda ham tanlab olinmagan fuqarolar ro'yxati elektron bazadan chiqarib yuboriladi va Koreyada ishlash istagida bo'lgan fuqaro sinovlardan qaytadan o'tishi lozim bo'ladi. Mazkur bazada shakllangan nomzodlar to'g'risidagi elektron ma'lumotlar Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan istalgan nomzodni tanlab olish uchun koreys ish beruvchilariga taqdim etib boriladi. Koreys ish beruvchilari tomonidan tanlab olingan nomzodlarga mehnat shartnomasi loyihasi yuboriladi. Shundan so'ng, Koreya Adliya vazirligi tomonidan berilgan viza tasdiqnomasi asosida nomzod Koreya Respublikasiga yuboriladi.

    Yuqoridagi ma'lumotlarda keltirilganidek, fuqarolarni koreys ish beruvchilari tomonidan tanlash jarayonlarida Agentlikning hech qanday ishtiroki mavjud emas.

    Shu o'rinda qayd etish lozimki, Koreya tomonidan xorijiy fuqarolarni shu jumladan O'zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish jarayonida shaffoflikni ta'minlash maqsadida Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining EPS.GO.KR veb-saytida har bir nomzodga shaxsiy kabinet ochilgan.

    Shaxsiy kabinet orqali fuqarolar o'zi to'g'risidagi ma'lumotlar ya'ni, uning sinovlardan o'tish ballari, anketa ma'lumotlari, ish beruvchi tomonidan tanlanganligi yoki yo'qligi, tanlangan bo'lsa, mehnat shartnomasi va ishchi viza tasdiqnomalarini yuborilgan vaqtlari to'liq yoritib boriladi.