Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshligʻi M.Mamatxonov va Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining Oʻzbekistondagi “EPS” markaziga tayinlangan yangi direktori Kvon Txe Gyom щrtasida uchrashuv oʻtkazildi.
Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining Oʻzbekistondagi “EPS” markazi avvalgi direktori Song Sang Jingning shartnoma boʻyicha ish muddati tugab, yangi direktor tayinlanganligi munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuvda oʻzaro tanishuv va kelgusidagi ishlar muhokama qilindi.
Uchrashuvda Koreya Respublikasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun joʻnatilayotgan fuqarolar sonini yana-da oshirish masalasi Agentlik boshligʻi tomonidan bildirilib, kelgusida pandemiya holatining yaxshilanishiga qarab joriy yilning fevral-mart oylarida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshligʻi va masʼul xodimlarining Koreya Respublikasidagi tegishli tashkilotlarga tashrifi uyushtirilishi, ushbu mamlakatga Oʻzbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda ketishini tezlashtirish masalalarini rejalashtirish boʻyicha kelishib olindi.
Bugungi kunda ikki mamlakatdagi pandemiya sharoitiga qarab Oʻzbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyaga bosqichma-bosqich kirib borish masalasi boʻyicha fikr almashilib, bu Agentlik hamda Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmatidan tashqari yuqori tashkilotlar bilan kelishgan holda yechim topish masalalari boʻyicha fikr almashildi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.
Maʼlumot oʻrnida, Koreya Respublikasida ishlash vaqtida mehnat taʼtili olib Oʻzbekistonga kelgan koʻplab fuqarolar pandemiya sababli mamlakatlar oʻrtasida aviaqatnovlarning vaqtincha toʻxtatilishi oqibatida ish joyiga qaytib keta olmayotgan edi. 2020-yilda ana shunday fuqarolardan 152 nafariga charter reysi orqali ushbu davlatga uchib ketishi uchun koʻmaklashildi.