Joriy yilning 11 avgust kuni Kyonsan-Pukto provinsiyasi gubernatori Li Chol U boshchiligidagi delegatsiya vakillari Innovatsion rivojlanish vazirligiga va vazirlik huzuridagi Innovatsion o'quv-ishlab chiqarish INNO texnoparkiga tashrif buyurdi. Gubernatorni Innovatsion rivojlanish vazirining o'rinbosari Shahlo Turdiqulova kutib oldi.
Koreya delegatsiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi binosidagi ko'rgazma hamda INNO texnoparki faoliyati bilan tanishib, vazirlik mutasaddilari bilan muzokaralar olib bordi.
Tashrif doirasida INNO texnoparkida amalga oshirilayotgan 20 dan ortiq innovatsion mahsulotlar va yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan prototiplar namoyish etildi. Gubernator Li Chol U texnoparkda startap korxonalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga yuqori baho berdi.
INNO texnoparkidagi ishlab chiqarish maydonini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash maqsadida Kyongbuk va INNO texnoparklari texnik ko'mak loyihasini ishlab chiqishda hamkorlik qilishga kelishildi.
Shuningdek, INNO texnoparkidagi startap loyihalarning aktseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini amalga oshirishda Koreyaning tajribali mutaxassislarini jalb qilish masalasi ham muhokama etildi.
Joriy yilning oktyabr oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “InnoWeek-2022" innovatsion g'oyalar haftaligi o'tkazilishi rejalashtirilgan. Janubiy Koreyada muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan startap korxonalari mazkur haftalikda ishtirok etishi kutilmoqda.
Tashrif yakunida Koreyaning Kyongbuk texnoparki va Eungnam universiteti hamda O'zbekistonning INNO texnoparki va "AKFA universiteti" o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqida Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar bermoqda.