Koreyaning Eksimbanki Oʻzbekiston bilan hamkorlikni kengaytiradi

    Moliya 11 Noyabr 2022 1050

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida videokonferensiya tarzida Koreyaning Eksimbanki vakillari bilan sogʻliqni saqlash sohasida loyihalarni amalga oshirish jarayonining muhokamasiga bagʻishlangan muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Xususan, “Toshkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy-tadqiqot va taʼlim komponentlarini yaratish”, “Milliy onkologiya markazini qurish” va “Kattalar uchun koʻp tarmoqli tibbiy klinika” loyihalarining amalga oshirilishi koʻrib chiqildi.

    Iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Eksimbank vakillari Oʻzbekiston tomonidan tayyorlangan 2023-2025-yillarga moʻljallangan yangi istiqbolli tashabbuslarning roʻyxatini koʻrib chiqib, loyihalarni tanlash va birgalikda amalga oshirish tartib-taomillarini soddalashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning dolzarb masalalari boʻyicha har oyda muzokaralar olib borish va oʻzaro munosabatlarning barcha muhokama qilingan yoʻnalishlari boʻyicha birgalikda ishlashni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.