Koreyaning KITECH instituti R&D markazni tuzishda koʻmaklashadi

    Agrosektor 18 Noyabr 2022 657

    13 million dollarga teng ekologik toza qishloq xoʻjaligi texnikasi platformasini yaratish loyihasi boʻyicha malaka oshirish maqsadida Koreyaga tashrif buyurgan Innovatsion rivojlanish, Moliya vazirliklari, Chirchiq shahar hokimligi va “Uztest” tashkiloti vakillaridan iborat delegatsiya 17-noyabrda Koreya sanoat texnologiyalari institutiga (KITECH) tashrif buyurdi.

    KITECH “Oʻzbekistonning ekologik toza qishloq xoʻjaligi texnikasi platformasini yaratish” loyihasini amalga oshirish uchun Koreya tomonidan Jeonbuk Texnopark boshchiligida tuzilgan konsorsium tarkibiga kirib, mazkur loyihani amalga oshirishda texnik konsultatsiya koʻrsatadi. Mazkur loyiha doirasida qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun ekologik toza siqilgan tabiiy gaz balon yoqilgʻisiga oʻtish boʻyicha TYM va Agrosolution Korea bilan birgalikda tadqiqot ishlari amalga oshirilyapti.

    KITECH 1989-yilda sanoat tarmogʻi, xususan, kichik va oʻrta korxonalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan boʻlib, tadqiqotlarning uch asosiy sohalariga ixtisoslashgan: ilgʻor ishlab chiqarish texnologiyalari, sanoat texnologiyalarini birlashtirish va barqaror ishlab chiqarish tizimlarining texnologiyalari. Uning tarkibiga 3 ta tadqiqot markazi va 7 ta hududiy boʻlinma kiradi.

    Delegatsiya vakillari, shuningdek, TYM kompaniyasida boʻlib, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdilar. Qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi kompaniyaning shtab-kvartirasi Seulda joylashgan boʻlib, uning 40 dan ortiq mamlakatlarda vakolatxonalari mavjud. Yillik 35 ming dona traktor ishlab chiqarish quvvatiga ega. Delegatsiya vakillariga koreyalik tadqiqotchilar tomonidan ishlab chiqilgan elektrotraktor ham namoyish etildi. Uning prototipi yasalgan boʻlib, barcha sinovlar tugagach, ommaviy ishlab chiqarish ham yoʻlga qoʻyilishi haqida maʼlumot berildi. TYM AQSH, Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.