баннер
Sayt test rejimida ishlamoqda
Лого Лого-пв-уз

    Koʻrgazmali jangovar mashgʻulot koʻzdan kechirildi

    Hukumat 11 Yanvar 2021 215

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev “Forish” togʻ poligonida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining jangovar tayyorgarligi bilan tanishdi.

    Davlatimiz rahbari 2018-yil mart oyida mazkur hududda boʻlib, bu yerni namunaviy poligonga aylantirish, yangi konsepsiya ishlab chiqib, mamlakatimizdagi barcha harbiy poligonlarni modernizatsiya qilish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Shular asosida ushbu maxsus oʻquv-sinov maydoni zamon talablariga moslashtirildi, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan eng ilgʻor sharoitlar yaratildi.

    Buning natijasini baza infratuzilmasi yangilanganidan soʻng, bu yerda 2019 va 2020-yillarda oʻtkazilgan Xalqaro armiya oʻyinlarida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi birinchilikni qoʻldan boy bermay kelayotganida ham koʻrish mumkin.

    Poligon hududida qurilgan obyektlar haqida dastlab joy maketi orqali maʼlumot berildi. Davlatimiz rahbari harbiylar yotoqxonasi, suzish havzasi, sport zalidagi sharoitlar bilan tanishdi. Markaziy va Sharqiy harbiy okruglarning regbi boʻyicha terma jamoalari musobaqasini kuzatdi.

    Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni harbiy xizmatchilar bilan bir dasturxon atrofida samimiy suhbatlashdi. Isteʼdodli askarlar baxshichilik sanʼatidan namunalar ijro etdi.

    Davlatimiz rahbari “Forish” togʻ poligonida qoʻshinlar ixtiyoridagi zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalarni koʻzdan kechirdi.

    Undan soʻng Markaziy harbiy okrug qoʻshinlarining shartli dushmanni yoʻq qilish boʻyicha jangovar mashgʻulotlari, harbiy muhandislik amaliyotlari namoyish qilindi.

    Shu yerda shaxsiy tarkib bilan muloqot boʻldi. Prezidentimiz dunyoda axborot xuruji tobora avj olayotgan bugungi kunda Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini mustahkamlash, xalq va armiya birdamligini taʼminlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash harbiy sohadagi islohotlarning oʻzagini tashkil etishi kerakligini taʼkidladi.

    – Bu poligon xalqaro standartlarga mos boʻlishi kerak. Askar va zobitlarni tayyorlash shunga muvofiq boʻlishi zarur. Buning uchun sifat, jangovar mahoratga alohida eʼtibor qaratish lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Davlatimiz rahbari harbiylarni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.

    – Keyingi yillarda bayram arafasida uchrashish anʼanaga aylandi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bugungi Qurolli Kuchlarimiz besh yil oldingi armiya emas. Mudofaa doktrinamiz boʻyicha qilingan ishlar natijasida milliy armiyamizning salohiyati har tomonlama oshdi. Erishgan muvaffaqiyatlarimiz bilan birga oldimizda koʻp rejalar, vazifalar turibdi. Qoʻshinlarning jangovar holatini yana-da mustahkamlashimiz kerak. Buning uchun bilim, tajriba, tayyorgarlik zarur.

    Prezident qoʻshinlarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligini muntazam oshirib borish yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.

    Shundan soʻng davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.