Yaʼni investorlar kelajak borasida noaniqliklar paydo boʻlishi bilan oʻz pullarini saqlash uchun eng ishonchli vosita izlay boshlaydi. Bunday noaniqlik paytlarida koʻpchilik pullarini oltinda saqlashni afzal koʻradi (Inqiroz yoki qandaydir siyosiy noaniqliklar vaqtida oltinga boʻlgan talabning keskin oshishi tarixan shakllanib qolgan aksioma).

Hozirgi pandemiya sharoiti ham xuddi shunday koʻplab noaniqliklarga sabab boʻlmoqda (bundan tashqari bir nechta siyosiy noaniqliklar ham bor). Menda esa, koronavirus hamda oltin narxi oʻrtasida qanchalik kuchli(yoki kuchsiz) bogʻlanish bor ekan degan oʻrinli savol tugʻildi. Shu sababli kichik tadqiqot oʻtkazib koʻrdim.

Oltin narxi hamda koronavirusning tarqalishi orasidagi korrelyatsiyani aniqlash maqsadida yil boshidan buyon oltin narxining oʻzgarishi hamda dunyo boʻyicha kunlik kasallanishlar sonining oʻzgarish dinamikasini solishtirib koʻrdim. Tahlil qilingan vaqt oraligʻi ikkinchi yanvardan hozirgi kungacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oldi.

Olingan xulosalar esa quyidagicha boʻldi:

Oltin narxi hamda kunlik kasallanishlar soni oʻrtasida juda kuchli bogʻlanish(korrelyatsiya) bor ekan. Bu ikki oʻzgaruvchi oʻrtasidagi korrelyatsiya 0.893 ni tashkil qildi. Korrelyatsiyaning 0.89 boʻlishi bu ikki oʻzgaruvchi bir-biriga juda kuchli bogʻlanganini angladi (eng yuqori koʻrsatgich 1 ga teng boʻlishi mumkin, bunday holat «Perfect correlation» deb ataladi). Oltin narxi va kunlik kasallanishlar soni oʻrtasidagi bunday kuchli bogʻlanish esa, birining oʻzgarishi ikkinchisida albatta oʻzgarish boʻlishini anglatadi (aniqroq aytganda, kasallanishlar sonining oʻzgarishi oltin narxining oʻzgarishiga olib keladi). Yaʼni katta ehtimol bilan kasallanishlar sonining ortib borishi oltin narxining ham oʻsishga xizmat qiladi.

Ikki oʻzgaruvchi oʻrtasida kuchli bogʻlanish borligi aniqlandi. Xoʻsh, bu bogʻlanish orqali kasallanishlar soning bir birlikka oʻsishi oltin narxiga qanchalik taʼsir qilishi mumkinligini tahlil qilish mumkinmi?

Oltin narxi va kunlik kasallanishlar sonini bir nechta model orqali bogʻlab koʻrishga harakat qildim. Ammo eng ishonchli model (yoki tenglama) chiziqli model ekan. Bu ikki oʻzgaruvchi chiziqli model orqali bogʻlanganda, kunlik kasallanishlar soni oltin narxi oʻzgarishini 79.8% ga tushuntirib berar ekan. Bu shuni anglatadiki, kunlik kasallanishlar sonining oshishi yoki kamayishi deyarli 80 foiz holatlarda oltin narxi oʻzgarishiga sabab boʻlar ekan. Kunlik kasallanishlar soni umuman mavjud boʻlmagan holatda oltinning narxi unsiyasi uchun oʻrtacha 1579-dollar atrofida shaklanar ekan. Agar kunlik kasallanishlar soni 1000 taga oshsa bu oltin narxining oʻrtacha 1.24-dollar oshishiga olib kelar ekan. Tabiiyki, kasallanishlar sonining 1000 taga kamayishi oltin narxining oʻrtacha 1.24 dollarga pasayishiga sabab boʻlishi mumkin(model boʻyicha).

Mirkomil XOLBOYEV,

Janubiy Koreyadan maxsus