Koronavirus antigeni va antitana testlarining biri-biridan farqi nimada?

    Sevara Ubaydullayeva, koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi:

    — Inson organizmida koronavirus mavjudligini aniqlash uchun antitanani PZR testi usulida yoki ekspress-testlar yordamida aniqlaymiz. PZR testida insonning burun va burun-halqum boʻshligʻidan surtma olinadi. Bu test usulining sezuvchanligi 90 foiz boʻlib, natijalar sonlarda keltirilgan holda olinishi mumkin.

    Koronavirusga qarshi antitanalarni aniqlash uchun ekspress-testlar organizmga tushgan koronavirusga nisbatan immun tizimining kurashish qobiliyatini aniqlash imkonini beradi. Bunda biz kasallik jarayonining kechuv davri, organizmning virusga qarshi qanday kurashayotganini va hosil qilgan immunitet tanachalarini baholashimiz mumkin.

    Bu usulda insonning qon namunasi tekshiriladi. Ammo, bu test natijalarini kasallik diagnostikasi uchun ishlata olmaymiz. Chunki, organizmning virusga nisbatan immun javob reaksiyasi kasallikning 7–10-kunlari boshlanishi mumkin. Bemorlarda esa, ayniqsa, yengil kechirayotganlarda kasallik alomatlari oʻtib boʻlgan va organizmdan virus chiqib ketgan boʻlishi mumkin.

    Kasallikni oʻrta ogʻir, ogʻir va oʻta ogʻir kechirayotgan bemorlarda esa bu davrda kasallik zoʻrayishi va kasalxonaga tushib qolish ehtimoli yuqori boʻladi.