Koronavirus mutatsiyaga uchrashda davom etmoqda

    COVID-19'ning ilk o‘choqlari aniqlanganidan buyon to‘rt yil vaqt o‘tdi. Ammo virus hanuz oramizda,  atrofimizda. Hamon odamlar hayoti va salomatligiga xavf solib turibdi. 

    Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining Rossiyadagi rasmiy vakili Melita Vuynovichning taʼkidlashicha, oʼtgan davrda koronavirus insoniyatga moslashdi va mutatsiyaga uchrashda davom etmoqda.

    Mutaxassis soʼzlariga koʼra, qish mavsumi kelishi bilan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida COVID-19 bilan birga nafas yoʼllarining boshqa patogenlari ham koʼp uchramoqda. Ushbu infektsiya hamon ogʼir holatlar va bemorlar oʼlimiga sabab boʼlayotgani achinarlidir.

    Аyni paytda shifoxonaga yotqizish holatlari boʼyicha JSSTga maʼlumot taqdim etib borayotgan mamlakatlarning qariyb yarmida kasallikning oʼsish tendentsiyasi kuzatilmoqda. Finlyandiya, Slovakiya va Italiya shular jumlasidan.

    Ekspert mavjud epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, aholi gavjum joylarda tibbiy niqob taqish zaruriy profilaktika chorasi ekanligini taʼkidladi. Bunga, birinchi navbatda, xavf guruhiga mansub aholi qatlami — keksalar, qandli diabet va yurak-qon tomir xastaliklari bor bemorlar, immuniteti zaif kishilar va homilador ayollar amal qilishlari kerak.

    Eslatib oʼtamiz, hozir Yer yuzida qayd etilayotgan barcha shtammlar "omikron" mutatsiyalaridir. Xususan, "Eris" deb nomlangan EG.5 varianti sayyoramiz boʼylab tarqalgan SARS-CoV-2 versiyalarining yarmidan koʼpini tashkil qiladi. Bundan tashqari, baʼzi mamlakatlarda HV.1, "Kraken", JN.1 hamda VА.2.86 mutatsiyalari dominant variantlarga aylangan.