Ikkita yangi tadqiqot koronavirus pandemiyasi jonivorlar sotiladigan Xitoyning Uxan` shahridagi bozorda paydo bo'lganligi haqida qo'shimcha dalillar keltirdi. Unga ko'ra virus yovvoyi tabiatda paydo bo'lgan. U Xitoy laboratoriyasidan kelib chiqmagan, degan nazariya ilgari surilmoqda. 

Science onlayn jurnalida chop etilgan tadqiqot shuni ko'rsatadiki, Huanan dengiz mahsulotlari ulgurji bozori hozirgacha butun dunyo bo'ylab 6,4 million kishining hayotiga zomin bo'lgan ofatning dastlabki epitsentri bo'lgan. Olimlar COVID-19, SARS-CoV-2 ni keltirib chiqaradigan virus hayvonlardan odamlarga ikki marta o'tgan degan xulosaga kelishdi.

«Bu ma'lumotlarning barchasi bizga bir narsani tasdiqladi. Ya'ni, virus to'g'ridan-to'g'ri Uxan` shahri markazidagi ushbu bozorga ishora qiladi», dedi Scripps Research immunologiya va mikrobiologiya kafedrasi professori va tadqiqotlardan birining hammuallifi Kristian Andersen.

Ko'pgina olimlarning fikricha, virus ko'rshapalaklardan odamlarga to'g'ridan-to'g'ri yoki boshqa hayvon orqali o'tgan. Ammo, iyun` oyida Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti laboratoriyadagi baxtsiz hodisa sabab bo'lishi mumkinmi yoki yo'qligini chuqurroq tekshirishni tavsiya qildi. Tanqidchilarning ta'kidlashicha, JSST bu bilan virusning laboratoriyadan sizib chiqish nazariyasini rad etishga shoshilgan.